Kecha, 8 iyul kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga Kavkazdan antisiklon ta’siri ostida salqin havo oqimlari kirib keldi. Natijada havo haroratining biroz pasayganligi kuzatildi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Ma’lum qilinishicha, bugun bu jarayon respublikaning markaziy hududlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik viloyatlarda quruq va kam bulutli ob-havo kuzatiladi. Faqat Ustyurtda kunning ikkinchi yarmida, Toshkent viloyatida kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Havo harorati +35…+40 daraja, ba’zi joylarda +42 darajagacha, Surxondaryo viloyatida +44…+46 daraja, shimolda +28…+33 darajani tashkil etadi.
O‘zbekistondan salqin havo frontlari o‘tishi oqibatida ba’zi joylarda shamolning tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun va ertaga changli bo‘ron bilan birga 25−30 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Dam olish kunlarida nisbatan salqin havo oqimlari respublikaning barcha hududlarini butunlay qamrab oladi. Havo harorati kechalari +20…+25 daraja, kunduz kunlari +32…+37 daraja, janubda ba’zi joylarda +39 darajagacha atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.