Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya TIV rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilishdi. Vazirlar uchrashuvi 16 iyul kuni Toshkent shahridagi Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida uchrashishdi.

Uchrashuv qatnashchilari «Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat ushbu mamlakatdan xalqaro qo‘shinlarning chiqib ketishi va uning orqasidan ro‘y bergan hukumat kuchlari va toliblar harakati o‘rtasidagi jangari harakatlarning eskalatsiyasi, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegaradosh qator shimoliy provinsiyalarda, jiddiy xavotirni keltirib chiqarayotganligini» ta’kidlashdi.

«Vazirlar yangi geosiyosiy reallik sharoitida Afg‘oniston Islom Respublikasida harbiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha imkoniyatlarni izlashda davom etish kerakligini qayd etishdi. Shu munosabat bilan, uchrashuv qatnashchilari tinchlik o‘rnatish jarayonini qo‘llab-quvvatlovchi kerakli sharoitlarni ta’minlash maqsadida Afg‘onistondagi ixtilofdagi barcha tomonlarni kuch ishlatishdan va destabilizatsiyaga olib keluvchi harakatlardan tiyilishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.

TIV rahbarlari Afg‘onistondagi «ko‘pqamrovli va barqaror tinchlikka» faqatgina afg‘onlarning o‘zlari o‘rtasida siyosiy masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri inklyuziv muzokaralar o‘tkazish, afg‘on xalqining rahnamoligi ostida va mojarodan keyingi davrda Afg‘onistonning tiklanishida davlatlar va xalqaro tuzilmalarning faolroq ishtiroki orqali erishish mumkinligiga ishonch bildirishdi.

Vazirlar «ko‘p yillik urushni to‘xtatish va Afg‘onistonning tinch, mustaqil va suveren davlat bo‘lishi uchun kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish» uchun rasmiy Kobul va toliblar harakati o‘rtasida «konstruktiv muzokaralar» o‘tkazilishidan umidvor ekanliklarini bildirishdi.

Shuningdek, vazirlar Afg‘onistondagi tinch aholi qurbon bo‘layotgan teraktlarni ham qoralashdi. «„Iroq va Shom islom davlati“ (ISHID), „Al-Qoida“, shuningdek boshqa xalqaro terrorchilik guruhlarining mamlakatda borligi va faoliyati Afg‘oniston Islom Respublikasidagi, shu jumladan mamlakatning shimoliy provinsiyalaridagi vaziyatning barqarorsizligini ta’minlovchi muhim omillardan biridir», — deya qayd etiladi bayonotda.

Bundan tashqari, TIV rahbarlari Afg‘onistondagi narkotik ekilishi, narkotik ishlab chiqarilishining yuqori darajasi va noqonuniy qurol savdosi haqida ham o‘z xavotirlarini bildirishdi. Ularning fikricha, bu «terrorchi guruhlarning asosiy daromad manbalaridan biri» hisoblanadi. Vazirlar Afg‘oniston rasmiylaridan «ushbu xavf bilan kurashish bo‘yicha» harakatlarni faollashtirishlarini kutishayotganligini ta’kidlashdi.