Buxoroda 20 sotix yerni 8000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat IIB Axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.A. o‘zga bir fuqaroni aldab, Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahallasi hududidagi tuman hokimligi zaxirasida turgan 20 sotix yer maydonini 8000 AQSh dollariga sotishga kelishganligi aniqlangan.

B.A. Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali binosi oldida kimyoviy ishlov berilgan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan B.A. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.