Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tuman hokimligida hokimlikka qarashli bino yo‘q ekanligi, hokimlik hozirga qadar partiya balansidagi binoda ishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Daryo tuman hokimi Lutfiddin Abdullayevning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, tuman hokimi 2021 yilning 18 iyul kuni Yakkabog‘ tuman hokimligi viloyatda faoliyat yurituvchi jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etib, OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob bergan.

Lutfiddin Abdullayev tuman hokimligi binosi hokimlikka qarashli emasligini, hokimlik partiya balansidagi binoda faoliyat yuritib kelayotganini aytgan.

«Bundan bosh vazir o‘rinbosarlarining, moliya vazirining ham xabari bor. Iqtisodiyot va moliya bo‘yicha shug‘ullanuvchi Jamshid Qo‘chqorov hokimlik binosi uchun mablag‘ ajratilishini, tez orada bino qurilishini aytgan. Bu muammo yaqinda hal bo‘ladi», — dedi tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev.

Tuman hokimining aniqlik kiritishicha, hokimlik faoliyat yurituvchi bino Xalq demokratik partiyasining tuman bo‘limi balansida turadi.