IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida «Telegram»da UNIVERSAL KREDIT nomli soxta guruh ochib, fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan shaxs qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlangan fuqaro D.K. (1997 y.t.) 15 daqiqa ichida onlayn kredit xizmatlari orqali mikroqarz berilishi haqidagi e’lon ostida fuqarolarning shaxsiga oid ma’lumotlarini noqonuniy ravishda egallab kelgan.

Ushbu shaxs respublika hududi bo‘ylab 10 dan ziyod aldangan fuqarolarning jami 13 mln so‘mga yaqin pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni o‘zining ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro D.K.ga nisbatan Yozyovon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.