7 avgust kuni Xalq demokratik partiyasi oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini e’lon qildi.

Partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumidan keyin bo‘lib o‘tgan brifingda partiya raisi Ulug‘bek Inoyatov jurnalistlar savoliga javob berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

U dastlab partiya nomidan ayol nomzodning tanlanishiga to‘xtalib o‘tdi.

«Biz partiyamizning startegiyasini yangi jihatdan ishlab chiqdik. Juda ko‘p ekspertlar, o‘zimizning faollar, faxriylar bilan muhokamalar qildik. Hozir aytishingiz mumkin, nima uchun partiya lideri prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etmaydi, deb. Men o‘ylayman, plenumdagi 72 nafar a’zoning hammasida hayajon bor ediki, „partiya mening nomzodimni ko‘rsatarmikin“, deb. Lekin partiya bu — kollegial organ. Biz birlashdik, fikrlashdik va o‘zimizning strategiyani tanladik», — deydi u.

XDP raisining ta’kidlashicha, partiyaning maqsadi bitta — hukumatni egallash, ya’ni prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lish.

«Ana shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak biz nomzodni to‘g‘ri tanladik, deb o‘ylaymiz. Chunki xalqimiz ayollarga ko‘proq ovoz beradi va partiyamizning siyosiy platformasini tahlil qilib ko‘rilsa, unda ko‘proq ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratilgan. Ana shu nuqtayi nazardan biz nomzodimizni to‘g‘ri tanladik, deb o‘ylayman. Bu bizning saylovlarda g‘alaba qozonishimizda bir qadam bo‘ldi, deb hisoblayman», — deya qo‘shimcha qiladi Ulug‘bek Inoyatov.

U partiya saylovlar orqali yana bir bor demokratiyani namoyon etayotganini bildirdi.

«Ochiqlik, oshkoralik, bu — Yangi O‘zbekistonning yutug‘i bo‘ladi deb hisoblaymiz. Va biz o‘ylaymizki, partiyamiz nomidan ko‘rsatilgan nomzod, albatta, yuqori o‘rinlarni egallaydi. Biz bu saylovlarda g‘alaba qozonishga katta imkoniyatga egamiz. Bu saylovlardagi faol ishtirokimiz keyingi parlament saylovlari uchun katta bir zamin bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman», — deydi Ulug‘bek Inoyatov.

Avvalroq, prezident saylovlarida XDP nomzodi sifatida qatnashishi kutilayotgan Maqsuda Varisova saylovda g‘alaba qozonsa, avvalo ishsizlik va bandlik sohasida islohotlar qilishini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishni niyat qilayotganini bildirgan edi.