O‘zbekiston Adliya vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilingan qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qildi. Vazirlik xabarida qayd etilishicha, o‘zgartishlar ilg‘or xorijiy tajriba hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128−1-moddasida haydovchilarga transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan quloqchin va boshqa qo‘lni ishlatmagan holda muloqot olib borish mumkin bo‘lgan vositalar orqali foydalanishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Mos ravishda, jarimadan keyin bir yil davomida telefondan takroran foydalanganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi.
Hujjat loyihasiga tushuntirish xatida qayd etilishicha, bugungi kunda barcha zamonaviy transport vositalari ishlab chiquvchi tomonidan qo‘lni band qilmaydigan va harakatlanishga xalaqit bermaydigan texnik aloqa vositalari bilan jihozlanmoqa. AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Polsha va boshqa rivojlangan davlatlarda transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning bluetoothdan foydalanishiga ruxsat berilgan.
O‘zbekiston qonunchiligida haydovchilar telefon bluetooth va qo‘lni band qilmaydigan boshqa vositalar orqali foylanishi mumkin emasligi aniq belgilanmagan bo‘lsada, amaliyotda haydovchilar telefondan foydalanishni taqiqlovchi umumiy normaga asosan javobgarlikka tortilmoqda.
Birgina 2020 yilda MJTKning 128−1-moddasi bilan jami 36 dan ziyod shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Kodeksning 128−2-moddasiga kiritilishi taklif etilayotgan boshqa bir o‘zgartishga ko‘ra, transport vositasining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etilmoqda. Transport vositasini boshqarish vaqtida tele va videodasturlarni tomosha qilish maqsadida salonning old qismiga o‘rnatilgan monitordan (displey) foydalanganlik uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdoridagi jarima saqlab qolinadi.
Loyiha tashabbuskorlarining tushuntirish berishicha, hozirgi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanganligi sababli, haydovchilar manzilga aniq borish uchun monitorda (displeyda) GPS-navigatsiyasidan foydalanishi mumkin (masalan, taksi xizmati yoki haydovchiga notanish manzilga borish uchun). Shuningdek, amaldagi qoidalarda haydovchilar monitorda (displeyda) GPS-navigatsiyasidan foydalanishiga taqiq yoki javobgarlik o‘rnatilmagan. Biroq, yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarda monitordan (displeydan) foydalanish uchun, haydovchilar tomonidan monitorni (displeyni) transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatish javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi.
MJTKning 135-moddasi yangi tahririda haydovchilarga, agarda ularning O‘zbekistonda berilgan biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yonida bo‘lsa, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi hujjat, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini yonida olib yurmaslik huquqini berish taklif etilmoqda.
YHXBB xodimlari mazkur hujjatlarning mavjudligini haydovchini to‘xtatgan joyda elektron tizim orqali tekshiradi. Mazkur yangilikni amaliyotga tatbiq etish uchun Ichki ishlar vazirligiga 2021 yil 1 dekabriga qadar zarur ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish bo‘yicha barcha ishlarni yakuniga yetkazish topshirilmoqda.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida qayd etilishicha, «Mening fikrim» veb-portaliga joylashtirilgan transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmaganligi uchun javobgarlikka tortish amaliyotini bekor qilish taklifi portalda 10 mingdan ortiq fuqarolarni qo‘llab-quvvatlovchi ovozini to‘plagan.
Kodeksning 128−3-moddasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash belgilanmoqda.
Bundan tashqari, 135−1-moddadagi sug‘urta polislarida nazarda tutilmagan foydalanish davrida transport vositalarini boshqarish hamda faqat mazkur sug‘urta polislarida ko‘rsatilgan haydovchilar ayni shu transport vositalarini boshqarishi to‘g‘risida mazkur sug‘urta polislarida nazarda tutilgan shartlarni buzgan holda transport vositalarini boshqarganlik uchun jarima miqdorini BHMning 1 baravaridan 0,5 barvariga tushirish taklif qilinmoqda. Loyiha mualliflarining qayd etishicha, ushbu modda sanksiyasi MJTKning 3-moddasida belgilangan insonparvarlik prinsipiga to‘liq muvofiq emas. Ya’ni, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak. Ammo, mazkur modda sanksiyalaridagi jarima miqdorlari yangi huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo miqdoridan ortiqdir.
Qonun loyihasi muhokamasida ishtirok etish: https://regulation.gov.uz/uz/d/48571