O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982−1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983−1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989−1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.
U Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980−1982 yillarda imom-noib, 1987−1989 yillarda, so‘ngra yana 1990−2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.
2000−2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan.
Usmonxon Alimov 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgandi.
Avvalroq, Usmonxon Alimov Moskvada davolanayotgani ma’lum qilingan edi.