Tibbiyot fanlari doktori, professor Shoanvar Shomansurov SSV Matbuot kotibiga bergan intervyusida nega bolalarni 7 yoshga yetmasdan maktabga berishga shoshilmaslik kerakligini tushuntirdi. «Gazeta.uz» ushbu intervyu matnini ayrim juz’iy tahrirlar bilan keltiradi.

— Nima uchun bolaning maktabga chiqish yoshi 7 yosh etib belgilangan?

— «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan. Vaholanki, avval bu raqam 6−7 yosh edi. Hozirga kelib esa maktabga chiqish yoshi qat’iy 7 yosh etib belgilangan. Buning bir qancha sabablari bor.

Avvalo, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayadi va aniqlashadi, harakatlarning o‘zaro moslashuvi boshlanadi. 6−7 yoshli bolalar o‘zini idora qilish va o‘z harakatlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘la boshlaydi. Bolaning bo‘yi bu davrda ancha o‘sib, og‘irligi 22−24 kilogramm bo‘ladi.

7 yoshlarda bola har tomonlama chiniqadi, qiziquvchan bo‘ladi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni bilishga intila boshlaydi. Ularda gigiyenik malakalar shakllana boradi.

— Maktab yoshidagi bolada qanday ko‘nikmalarni shakllantirib borish kerak?

— 7 yoshli bola jismoniy mashqlarni mustaqil bajarishga o‘rgangan bo‘lishi lozim. Jarohatlanishni oldini olish maqsadida bolada ehtiyotkorlikni, o‘z harakatlarini nazorat qila olish ko‘nikmalarini shakllantira borish kerak. Bolada chaqqonlik, jasurlik, topqirlik xislatlarini tarbiyalash, ayniqsa, muhim.

Bola bu yoshida arqonga osilib turishni, arg‘imchoq uchishni, qiya qo‘yilgan taxta ustidan yurib o‘tishni, bir oyoqda «qaldirg‘och» bo‘lib turish kabi harakatlarni bilishi kerak. Unga oyoq uchlari bilan buyumlarni qisib olib ko‘tarish va pastga tushirishni, birjoydan ikkinchi joyga ko‘chirishni o‘rgating. Bu mashqlar bolani asab tizimini mustahkamlashda, ularni aqlan rivojlanishiga katta yordam beradi.

Bu yoshda uning nutqini shakllantirish ahamiyatli. Bolaga qisqa-qisqa qiziqarli savollar berib, uni ko‘proq gapirishga, so‘zda tovushlar ketma-ketligini farqlashni, tovushlardan bo‘g‘inlar, so‘zlar tuzishni o‘rgatishga ahamiyat berish lozim.

— Bu jarayonlarda bolada nuqsonlar ko‘zga tashlansa, qanday yo‘l tutish kerak?

— Bu vaziyatda ota-onalarga shunday maslahat beramiz: agarda bola nutqida biron nuqson aniqlansa, uni logopedga ko‘rsating. Agar eslab qolish, fikrlash borasida kamchiliklar sezsangiz, nevrolog ko‘rigidan o‘tkazing.

Chunki maktabga tayyorlanish davrida bolaning asablari taranglashadi, mas’uliyati ko‘paygan sayin, bolalarda diqqat tarqoqligi, o‘ta serharakatlik (giperaktiv), o‘rgatilgan narsalarni tezda esdan chiqarib yuborish, yig‘loqilik, beixtiyor harakatlar, gapga kirmasdan injiqlik qilish kabi patologik o‘zgarishlar uchrashi mumkin.

Maktab yoshi bolani jamiyatga moslashuvidagi ilk katta qadam bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun ham bu davr uning xotirasida salbiy iz qoldirmasligi kerak. Aks holda kelajakda ham buning ta’siridan chiqishi qiyin bo‘ladi.

Bolani erta maktabga berish esa uning shunday muhim davrda qilingan eng katta tavakkaldir. Afsuski, ba’zi ota-onalar o‘z xohish-istaklari bilan farzandlarini 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilishadi. Eng yomoni, bu holat ko‘pincha bolakayning maktabga moslasha olmasligi bilan yakun topadi. Bu esa o‘z-o‘zidan unda tajanglik, ruhiy zo‘riqish, ta’lim olishdan zerikish, ijtimoiy muhitga moslasha olmaslik kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, bunday paytda boladagi tez charchash, nutq buzilishi, diqqatni jamlashdagi qiyinchiliklar yaqqol yuzaga chiqadi. Shunday ekan har bir ota-ona yuqorida aytib o‘tilgan holatlar bolalarning sog‘ligi yomonlashishi va bilim olishga salbiy ta’sir etishini unutmasligi darkor.

Agar ota-onalar chindan ham farzandlarining kelajagi va sog‘ligini o‘ylasalar, ularni 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilmasligi lozim. Bu bilan ular o‘zlari va farzandlari uchun katta yaxshilik qilgan bo‘lishadi.