Prezident «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan интервьюсида ko‘plab insonlarning bandligi va daromadi masalasi bevosita tadbirkorlik tuzilmalari bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, so‘nggi yillarda respublikada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soni ikki barobar ortgan. Sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarning 50 foizdan ortig‘i so‘nggi uch yillikda tashkil etilgan. Sohada amalga oshirilgan bu kabi ishlar jamiyatda o‘rta sinfning kuchayishi uchun zamin yaratadi.
«Tadbirkorlar ularni qo‘llab-quvvatlash haqidagi chiroyli so‘zlarni ko‘p eshitgan, endi bu gaplarning amaliy ta’siri va natijasini o‘z kundalik faoliyatida his etishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, u tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq qonunchiligini takomillashtirish, ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlar, «telefon huquqi»dan foydalanib tazyiq o‘tkazish holatlariga chek qo‘yish ustida ish olib borilayotganligini ma’lum qildi.
«Agar biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini ko‘paytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi», — dedi davlat rahbari.