Ko‘pchilik koronavirusga qarshi vaksinalarning samaradorligiga shubha bilan qaraydi va ishlab chiqaruvchini tanlash borasida ko‘p mulohaza qilishadi. «Gazeta.uz» emlashga oid asosiy savollarni mutaxassislarga berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev vaksinalarning nojo‘ya ta’sirini aniqlash va ularning inson DNKsiga ta’siri haqida gapiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Abdullayev O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III bosqich klinik sinovlari qanday o‘tayotgani va mamlakatimizda koronavirusning turli xil variantlari qanday aniqlanishiga izoh bergan edi.

— Ba’zi odamlar vaksinalar DNKga ta’sir qilishidan qo‘rqishadi. DNKga ta’sir qilishi yomonmi?

— Vaksinalarning genomga ta’siri 20 yildan oshiq o‘rganilmoqda. Bugungi kundagi ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinalar genomga o‘rnashmaydi. Rekombinant, m-RNK va adenovirus vaksinalari DNKga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Vaksina dizaynini ishlab chiqish bo‘yicha ma’lum talablar mavjud. Vaksinaning hech qanday elementi konstruksiyaning yoki vektorning inson genomiga integratsiya qilishiga yordam bermasligi kerak.

Olimlar preparatlarni avval hujayralarda, keyin hayvonlarda sinab ko‘rishadi. Har bir bosqichda preparat bo‘laklari genomga integratsiyalashmayotgani tekshiriladi. Doimiy monitoring o‘tkaziladi. Tadqiqotlar maqolalarida biz inson genomida emlash qoldiqlari yoki bo‘laklari yo‘qligini ko‘ramiz. Vaksinalar shunday tuzilganki, ular hujayraga kirgandan so‘ng kerakli mahsulotga aylanadi, so‘ngra immunitet tizimi tomonidan hujayra bilan birga yo‘q qilinadi va tanadan chiqariladi.

Biz faqat adenoviruslar qo‘zg‘atadigan O‘RVI bilan doimo kasallanamiz. Vektor kasallik keltirib chiqaradigan barcha qismlari olib tashlanadigan adenovirusdan foydalanadi va u yerda gen fragmenti kiritiladi, masalan kovid bilan holatda unga koronavirusning spayk-oqsili kodlanadi. Va bu adenovirus odamga «yuqtiriladi». Adenovirus — bu DNK vektori, lekin u genom bilan integratsiyalashmaydi.

Adenovirusli vaksina tirik hujayraga kiradi. Vektor unda oqsil bo‘lagini takrorlaydi, keyin immunitet tizimi ham vektorni, ham adenovirusni taniydi va ularni yo‘q qiladi.

Ammo viruslar genomga joylashib olish imkoniyatiga ega. Inson genomini o‘rganganimizda, biz unga xos bo‘lmagan juda ko‘p elementlar borligini ko‘ramiz. Bu elementlar viruslarga xosdir. Bu xotira. Bu shuni ko‘rsatadiki, inson evolyutsiyasi davrida uning tanasiga viruslar kirib kelgan, ular o‘sha yerda yashagan va DNKda o‘z izini qoldirgan. Ammo bu viruslarning izlari faol emas.

— Genomga nimadir joylashib olishi yomonmi?

— Agar nimadir genomga joylashib olsa, bu yaxshi emas. U tananing qandaydir funksiyalari uchun javob beradigan genom qismlariga joylashishi mumkin. Agar inson genomiga biror narsa joylashsa, u o‘zini yomon his qilishi mumkin. Hattoki inson o‘lishi ham mumkin.

Ammo biror narsani maqsadli ravishda genomga joylashtirish mumkin. Cas9 texnologiyasi — o‘ziga xos molekulyar qaychi mavjud. Ya’ni, keraksiz qism kesiladi va uning o‘rniga boshqasi kiritiladi. Ba’zi og‘ir irsiy kasalliklar mavjud bo‘lib, ular bilan og‘rigan kishida insonning ma’lum muhim geni unchalik funksional emas. Ya’ni, u o‘z vazifasini bajara olmaydi yoki qaysidir bir funksional bo‘lmagan oqsil ishlab chiqaradi, buning natijasida odamda jiddiy patologiya rivojlanadi. Masalan, umurtqa distrofiyasi — bolalar ko‘p azob chekishadi, ko‘plar omon qolmaydi. Bunday kasalliklar esa juda ko‘p.

Genning patologik qismini aniq kesib tashlash va uning o‘rniga bunday patologiyasi bo‘lmagan odamdan olingan oddiy genni joylashtirish imkonini beradigan texnologiya mavjud. Ya’ni, normal ishlaydigan gen bemorning genomiga kiritiladi. Shunda odam odatiy hayot tarziga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ishlar ko‘p yillar davom etmoqda.

— Demak, odamlar vaksinalar DNKga ta’sir qilishi haqida gapirganda, salbiy ta’sirni nazarda tutishadi. Ammo, shu bilan birga, o‘z farzandlarini qutqarish uchun genomni o‘zgartiradigan texnologiyalar tez orada paydo bo‘lishini orzu qiladigan odamlar ham bor.

— Ha. Genetik kasalliklarga chalingan bolalar kam emas. Ota-onalar ularni qutqarish uchun hamma narsani qurbon qilishga tayyor. O‘zbekistonda biz qandaydir diagnostikani amalga oshirishimiz mumkin, lekin bunday kasalliklarni genetik-muhandislik bilan davolashning bizning mamlakatimizda imkoni yo‘q.

Umuman olganda, inson genomining barcha manipulyatsiyalari butun dunyoda taqiqdagi mavzudir. Bu kabi ishlarni olib boradigan ba’zi tadqiqot markazlari bor, lekin bu borasida ko‘plab axloqiy to‘siqlar mavjud.

Ba’zi kasalliklar ushbu texnologiyalar yordamida muvaffaqiyatli davolanmoqda. Ammo bu juda murakkab jarayon. Xavfsizlikni ta’minlash uchun inson genomiga har qanday aralashuv ming marta tekshirilishi va qayta tekshirilishi kerak.

Shuning uchun ba’zi bir kichik genetik kasalliklarning davosi bor. Ammo olimlar genetik kasalliklarning ko‘pini laboratoriya sharoitida o‘rganishni endigina boshlashmoqda. Buni keng omma orasida amalga oshirish uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ladi.

— Jiddiy nojo‘ya ta’siri bo‘lgan vaksinalar insonlarda sinovdan o‘tkazilishi mumkinmi?

— Klinikkacha bo‘lgan sinov bosqichida jiddiy nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lgan dori hech qachon inson sinovlari uchun tasdiqlanmaydi. Klinikkacha sinovlar davomida hayvonlarning yuzlab biokimyoviy ko‘rsatkichlari va boshqa parametrlari o‘rganiladi. Agar bu ko‘rsatkichlar me’yorida bo‘lsa, demak, preparat xavfsizdir. Agar laboratoriya hayvonlari o‘zini g‘ayritabiiy tutsa, o‘lsa yoki ularning biokimyoviy ko‘rsatkichlari me’yorga to‘g‘ri kelmasa, preparatlar keyingi bosqichga o‘tmaydi.

— Xo‘sh, nima uchun klinik sinovlarning turli bosqichlarida va ommaviy emlash paytida turli xil nojo‘ya ta’sirlar aniqlanadi?

— Nojo‘ya ta’sirlari bo‘ladi. Biz hammamiz har xilmiz. Kimdadir sitrus mevalarga allergiya bor, kimdadir yo‘q. Bularning barchasi faqat individual holatdir, lekin ko‘pchilikda allergiya yo‘q yoki yoshga qarab paydo bo‘ladi. Vaksinalarda ham shunday holat.

Olimlar nojo‘ya ta’sirlarni aniqlaydilar. Ammo qancha foiz hollarda? Odatda kichik. Odatda, nojo‘ya ta’sirlarning aksariyati ahamiyatsiz. Agar 100% hollarda in’eksiya joyi og‘risa, bu nojo‘ya ta’sirmi? Albatta. Ammo, ehtimol, ko‘pchilik jiddiy kasal bo‘lmaslik uchun bir kungina og‘riqqa sabr qilishga rozi bo‘lsa kerak.

Jiddiy nojo‘ya ta’sirlarning foizi juda past. Shu bilan birga, preparatni ishlab chiquvchi har doim bunday ta’sir haqida gapiradi. Agar siz biror bir dori uchun qo‘llanmani ochsangiz, unda: «Og‘iz qurishi — ko‘p hollarda. Achishish, quruq yo‘tal — kamdan-kam hollarda» va hokazo deb yoziladi. Yangi ma’lumotlar tadqiqot jarayonida paydo bo‘ladi va doimiy ravishda yangilanadi. Олиmлар va ishlab chiqaruvchilar ularni qo‘llanmaga kiritib borishga majburdirlar.

Asosiy va eng ko‘p uchraydigan nojo‘ya ta’sirlar klinik sinovlarning dastlabki ikki bosqichida aniqlanadi. Ammo III bosqich odamlarning katta guruhlarida o‘tkaziladi. Ilgari ro‘yxatga olinmagan boshqa nojo‘ya ta’sirlar to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘lishi ham mumkin.

— Ommaviy emlash paytida ZF-UZ-VAC2001ning nojo‘ya ta’siri qanday aniqlanadi? Agar odam o‘zini ogohlantirilganidek emas, balki undan yomonroq his qilsa, biror joyga murojaat qilishi mumkinmi?

— Nojo‘ya ta’sir faqat klinik sinovlar doirasida qayd qilinadi va o‘rganiladi. Agar siz oddiy fuqaro sifatida emlashga borgan bo‘lsangiz, albatta, bu haqda davolovchi shifokoringizga aytishingiz mumkin, biroq, bu ma’lumot vaksina ishlab chiqaruvchilarga ma’lum bo‘ladimi yo‘qmi, bilmayman.

— Bahorda ommaviy axborot vositalari ommaviy emlash bosqichida AstraZeneca preparati bilan emlanganlarda yuzlab tromboz holatlari uchragani haqida yozishdi. Boshqa davlatlar bu nojo‘ya ta’sirlarni qanday qayd qilishganini bilasizmi?

— Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday holatlarni ro‘yxatga olishi kerak. Menimcha, ular bizning Sog‘liqni saqlash vazirligimizga o‘xshagan idora tomonidan boshqariladigan markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasiga ega. O‘ylashimcha, emlash punktlaridagi har bir shifokor yoki tibbiyot xodimi har bir bemor bo‘yicha ma’lumotni kiritadi.

Markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi ma’lumotlarni turli mezonlarga ko‘ra saralash imkonini beradi. Masalan, nojo‘ya ta’siri yoki mushaklarning og‘rig‘i, ruhiy kasalliklari va boshqalar bo‘yicha. Menimcha, bizning Sog‘liqni saqlash vazirligimizda bunday tizim mavjud va barcha emlangan aholi uchun bunday qaydlar olib boriladi.

— Nojo‘ya ta’sirlar ba’zi sog‘liq muammolari fonida paydo bo‘ladimi yoki ular mutlaqo sog‘lom odamlarda ham bo‘lishi mumkinmi?

— Men o‘qigan ma’lumotlarda AstraZeneca bilan emlanishdan keyin trombozning ushbu sanoqli holatlari hozirda o‘rganilmoqda. Hozircha olimlar buning sababini tushuna olishmayapti. Ammo agar bu ta’sir juda kam sonli odamlarda kuzatilsa, ehtimol bu odamning ba’zi genetik xususiyatlariga bog‘liqdir. Ehtimol, bu ba’zi omillarning tasodifidir.

Emlanmaganlar orasida trombozdan o‘lganlar emlanganlarga qaraganda ko‘proq. Tromboz, ehtimol, odam emlangani uchun sodir bo‘lmas, balki bu shunchaki tasodifdir. Balki u baribir ham trombozdan vafot etgan bo‘lardi.

Aniq bo‘lmagan ma’lumotlarga asoslanib xulosa chiqarish mumkin emas. Bu xuddi emlanganlar avariyalarda vafot etadi deyish bilan barobar. To‘laqonli tadqiqot olib borish zarur. Agar bir necha o‘nlab yoki yuzlab million odamlardan mingtasi qandaydir patologiyaga duchor bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu oqibatlardan emlanmagan qancha odam halok bo‘lganiga ham e’tibor qarating. Buni qanday solishtirish mumkin?

— Vaksinaning nojo‘ya ta’siri 10 yildan keyin yoki undan ko‘p vaqt o‘tgach paydo bo‘lishi mumkinmi?

— Biz buni bilmaymiz. Biroq, bu savolingizga ko‘proq ehtimol bilan yo‘q deb javob berish mumkin. Chunki bolaligingizda siz ham turli vaksinalar bilan emlangansiz, lekin o‘zingizni yaxshi his qilyapsizku.