Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bitta oltin va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para-dzyudochi Feruz Saidov — 81 kg vazn toifasida bahslarga kirishib, finalda qozog‘istonlik Temirjan Dauletni ippon bahosi bilan mag‘lub etdi va Paralimpiya chempioniga aylandi.
O‘yinlar davomida para-pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida -61 kg vazn toifasida qatnashgan Ro‘za Qo‘ziyeva kumush medal sohibasiga aylandi. U 130 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi.
Para-dzyudochi Parvina Samandarova esa -57 kg vazn toifasida ozarbayjonlik Sevda Valiyevaga qarshi finalda bahslarga kirishdi va kumush medali sohibasiga aylandi.
Hozirga qadar O‘zbekiston 9 ta medal (4 ta oltin, 3 kumush va 2 ta bronza) bilan 11 o‘rinni egallab turibdi.