Foreign Languages xorijiy tillar teleradiokanali O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi Oilaviy telekanali negizida tashkil etilmoqda. Tegishli qaror 27 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda Norma.uz.

Telekanalning asosiy vazifalari:

  • aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish;
  • o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishiga ko‘maklashuvchi ilmiy-ommabop, hujjatli, badiiy filmlarni namoyish etib borish;
  • efir orqali til o‘rgatuvchi ko‘rsatuvlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda ular ishtirokida mahorat teledarslari, videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontentlarni yaratish va efirga uzatish;
  • professional tarjima qilishda yutuqlarga erishgan mutaxassislarning ilg‘or tajribalarini targ‘ib qilish;
  • xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini izchil yoritib borish hamda o‘qituvchilarning zamonaviy til o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashish.

«Foreign Languages» dasturlarni bir kecha-kunduzda 24 soat davomida xorijiy tillarda efirga uzatadi, bunda har kuni kamida 3 soat efir vaqti xorijiy tillarni onlayn o‘rgatishga ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Oilaviy telekanali Milliy teleradiokompaniya tomonidan 2013 yilda ishga tushirilgan.