Facebook`da tarixchi Anvar Nazir tomonidan Afg‘onistonda «Tolibon» harakati vakillari mamlakat maktablarida o‘zbek tili dasturdan chiqarib yuborgani, shuningdek, «yuzlab o‘zbek tili o‘qituvchilari haydalgani, Avloniy, Navoiy va o‘zbek-turk mualliflar kitoblari kutubxonalardan olib tashlanib, axlatga tashlanayotgani» haqida post yozib qoldirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov munosabat bildirdi.

«Ushbu shaxs Afg‘onistonda Amir Temur, Shayboniyxon, Boborahim Mashrab, Mahmud G‘aznaviy, Abu Rayhon Beruniy merosining o‘rganilishi hamda navoiyshunoslikning ham ta’qiqlangani haqida xulosa qiladi. Shuni ma’lum qilamanki, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakilining „Tolibon“ harakati rasmiy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbati chog‘ida ushbu axborotning haqiqatga zidligi ta’kidlandi», — deb yozadi u.

Xabarga ko‘ra, «Tolibon» vakili o‘zbek tili, pushtu va dari tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlagan.

«O‘zbek tilini o‘rganish va rivojlantirishga, toliblar rasmiy vakilining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat yangi rahbariyati alohida e’tibor qaratadi», — deyiladi bayonotda.

«Ba’zi bilimsiz «tahlilchi» va jurnalistlarning shubhali shov-shuvlar va «qaynoq fakt"lar ilinjida ochiqdan ochiq buzib ko‘rsatilgan va yolg‘on axborotlarni tarqatayotgani esa afsuslanarli holatdir», — deya qo‘shimcha qildi Kabuljanov.