Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 sentabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yiig‘ilishda axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim sharoitlarini yaxshilash va qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilingan. 2 mingdan ortiq maktabning birorta ham o‘quvchisi «Bir mln dasturchi» loyihasida ishtirok etmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
Davlat rahbari loyihani har bir maktabga yetkazish, zarur hollarda ularni qo‘shimcha kompyuterlar bilan ta’minlash, bolalarni o‘qishga keng jalb etish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday o‘quvlar joylardagi Yoshlar markazi, «Ishga marhamat» mono-markazlari negizida ham tashkil etilishi aytildi.
Xabarga ko‘ra, 1 oktabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.
Yig‘ilishda ushbu texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Aloqa bank tomonidan ustavi 80 mlrd so‘m bo‘lgan Venchur jamg‘armasi va IT bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshlarga dasturiy ta’minot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional ta’lim beriladi.
Yig‘ilishda Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarini axborot texnologiyalari mutaxassisliklariga yo‘naltirish, ijod maktablarida veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli san’at, audiovizual asarlarni yaratish, tarjimonlik, jurnalistika va aktyorlik mahorati kabi to‘garaklar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ilg‘or xalqaro tajriba va standartlar asosida ushbu maktablar muallimlarining malakasini oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi belgilandi. Bu markazga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilinib, fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi, xalqaro sertifikatlar beriladi.
«Prezident maktablariga investitsion va innovatsion yo‘nalishlarni joriy qilish bo‘yicha yangi tizim tashkil etiladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan o‘quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga ko‘maklashadi. Shuningdek, xorijiy maktablar bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarni almashish dasturlari amalga oshirladi», — deyiladi xabarda.