10 sentabr kuni ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Dehli xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan hibsga olingan. Bu haqda India Today nashri xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, ularning og‘iz bo‘shlig‘idan 951 gramm oltin topilgani va tegishli organlar tomonidan musodara qilingan.

«Bojxona xodimlari tintuv paytida O‘zbekiston fuqarolari og‘iz bo‘shlig‘idan tishlar va metall zanjir shaklidagi jami og‘irligi 951 gramm bo‘lgan oltin va oltin qimmatliklari topilganini qayd etgan», — deyiladi xabarda.

Foto: Munish Chandra Pandey / India Today

Har ikkala shaxs Dubay reysi bilan uchib kelgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, o‘tgan oyda ham ikki nafar o‘zbekistonlik Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida qiymati 10 mln rupiyaga (taxminan 1,45 mlrd so‘m) teng bo‘lgan oltin qimmatliklarini noqonuniy tashishda gumonlanib, bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi, deya qo‘shimcha qilmoqda India Today.