Rossiya bilan yaqin sheriklik va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston xalqaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Toshkentda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Valday klubi tomonidan tashkil etilgan «Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari» konferensiyasida ma’lum qildi.

«Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi vaqt va umumiy tahdidlar bilan sinovdan o‘tgan strategik sheriklik hamkorlikning yangi o‘n yilligi davrida mustahkamlanib, rivojlanib boraveradi va yangi ufqlarni ochadi», — deya qo‘shimcha qildi Farhod Arziyev.

Anjuman o‘zbek va rossiyalik ekspertlarning ikki tomonlama uchrashuvlari formatidagi ikkinchi shunday uchrashuv bo‘ldi. Birinchi uchrashuv 2019 yilda Samarqandda (SMTI) va «Valday» xalqaro munozara klubi o‘rtasida ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. Tadbirda O‘zbekiston va Rossiyadan 50 dan ortiq ekspertlar ishtirok etmoqda.