“Davlat qarzini YAIMga nisbatan 45−50% chegarasida ushlab turishni rejalashtiryapmiz” — Ahadbek Haydarov

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning ma’lum qilishicha, 2020 yilda koronavirus inqirozi sababli davlat xarajatlari keskin o‘sgan. Endilikda uni pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi darajaga — YAIMga nisbatan 27% ga tushirish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, hukumat kelgusi yillarda davlat qarzi darajasini 50%, budjet taqchilligini 2% chegarada ushlab turishni rejalashtirmoqda.

So‘rov ishtirokchilarining deyarli yarmi prezidentlikka nomzodlar teledebat qilishlarini yoqlamoqda — “Ijtimoiy fikr”

“Ijtimoiy fikr” markazining prezidentlik saylovi bo‘yicha so‘rovi fuqarolar saylovoldi dasturlari bilan to‘liq tanishishga hali ulgurmaganini ko‘rsatdi. Respondentlarning deyarli yarmi nomzodlar orasidagi ochiq teledebatlarni dasturlar haqida ma’lumot olishning eng jozibali shakli deb atashdi.

XDP deputati Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili bo‘ldi

Xalq demokratik partiyasi deputati Ra’no Turdiboyeva O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili bo‘ldi. XDP axborot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Ra’no Turdiboyeva 3 oy avval partiya a’zoligidan chiqqan.

5 oktabrdan Moskvadan O‘zbekiston shaharlariga aviareyslar soni oshiriladi

5 oktabrdan boshlab Moskvadan O‘zbekiston shaharlariga doimiy aviaqatnovlar oshiriladi. Bunda Moskva — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 4 tagacha reys, Moskva — Samarqand, Buxoro bo‘yicha haftasiga 2 ta reys yo‘lga qo‘yiladi.

“Qing‘irlikning hidi kelyapti” — Ekopartiya rahbari daraxtlarning yashirincha kesilishi haqida

Ekopartiya rahbari va prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov turli xil bahonalar bilan va aholini ogohlantirmasdan daraxtlarning kesilayotganligini tanqid qildi. U daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. 17 sentabr kuni Sirdaryoda “salomatlik yo‘lakchalari"ni qurish uchun 13 ta daraxt qo‘porilgan edi.

Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga noqonuniy ulanishlar davlat budjetiga 8,4 mlrd so‘m zarar yetkazgan

Yanvar-avgust oylarida ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlariga 2798 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Mazkur qonunbuzarliklar oqibatida davlat budjetiga jami 8,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Toshkent shahrida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda qarzdorlik tufayli tarmoqdan uzilish holatlarining 90 foizi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Olmazor” — “Sergeli” metro yo‘nalishida poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtatiladi

“Olmazor” — “Sergeli” yo‘nalishida poyezdlar qatnovi 25 sentabr soat 21:00 dan 26 sentabr soat 07:00 gacha vaqtincha to‘xtatiladi. Metropoliten yo‘lovchilari ushbu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yiladigan avtobuslardan yo‘l kira xaqqisiz foydalanishi mumkin.

Akademik litseylar uchun mandat e’lon qilindi

Oliy ta’lim vazirligi respublika OTMlari tasarrufidagi akademik litseylarga kirish imtihonlarining yakuniy natijalarini e’lon qildi.

Metroda voyaga yetmagan qizga behayo harakatlar qilgan shaxs ushlandi

Toshkent shahrida metroda 13 yoshli qizga behayo harakatlari uchun qidiruvda bo‘lgan erkak qo‘lga olindi. Fuqaro ilgari bir necha jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan.

MY5 telekanali ma’muriy javobgarlikka tortildi

“Mening yurtim” telekanali kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi a’zolariga tegishli bo‘lgan kinofilmlarni ruxsatsiz va shartnoma tuzmasdan efirga uzatgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

“Ochiq budjet” axborot portalidagi jamoatchilik fikri orqali ichki yo‘llar ta’mirlanadi

Prezident 1 oktabrgacha “Ochiq budjet” axborot portalidagi takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 2022 yildan ichki yo‘llarni ta’mirlashga ajratiladigan 50 foiz mablag‘ “Ochiq budjet” axborot portalida aholi ko‘p ovoz bergan hududlarga yo‘naltiriladi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” — “Milliy tiklanish” nomzodi Alisher Qodirovning saylovoldi dasturi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodi Alisher Qodirov o‘z saylovoldi dasturini e’lon qildi. Prezidentlikka nomzod bog‘chalarning davlat tomonidan moliyalashtirilishi, oliy ta’lim davlat tasarrufidan chiqarilishi, monopoliyalarni tugatish, islom moliyalashtirish tizimini joriy qilish va Aliment fondini tashkil qilish singari takliflarni ilgari surdi. Nomzodning to‘liq dasturi.