Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin aholi o‘rtasida boylikdagi farqni kamaytirish va xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini joriy qilishga doir rejasini e’lon qildi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoyda so‘nggi o‘n yillikda milliarderlar sonining oshishi kuzatildi. Buning natijasida esa aholi daromadlari o‘rtasida keskin farqlanish yuzaga kelishi ushbu qarorga sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. «Umumiy farovonlik» maqsadlari orasida shahar va qishloq aholisi daromadlarini oshirish, aholi o‘rtasida boylikdagi farqni kamaytirish va xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini joriy qilish kabilar bor.

Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir oy avval barcha sektorlarga biznes yuritish usullarini o‘zgartirish buyurilgan. Buning oqibatida, bir paytlar mamlakatda juda daromadli bo‘lgan maktabdan keyingi ta’lim sanoati repetitorlik qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi qaror bilan bir kunda yo‘qqa chiqarildi.

Shuningdek, coliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan mashhurlar, to‘liq shartnomasiz ishchilarni yollaydigan oziq-ovqat yetkazib beradigan gigantlar va yoshlarga o‘z platformalarida o‘yinlarga ruxsat beruvchi video-o‘yin gigantlariga ham cheklovlar o‘rnatildi.

Ushbu cheklovlardan so‘ng badavlat shaxslar va yirik korporatsiyalar birdaniga xayriya o‘yinlarini kuchaytirdilar. Xitoyning eng badavlat yettita milliarderi shu yilning o‘zida 5 mlrd dollarni hayriya ishlariga sarflagan. Endilikda Pekin nisbatan kamroq qo‘llarda to‘plangan boylikni qayta taqsimlash maqsadida mol-mulk, meros va kapital daromadlarini soliqqa tortishi mumkin.

Agar davlat biznesni susaytirishda davom etsa, bu Xitoy kompaniyalarining moliyalashtirishni cheklab qo‘yishi, innovatsiya va tadbirkorlikni pasayishi, oqibatda iqtisodiyotga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Xitoy dunyo iqtisodiyotida katta o‘ringa egaligi sababli zarar boshqa davlatlarga ham ta’sir qilishi mumkin, deb keltirmoqda Bloomberg.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Xitoy rahbari Si Szinpin mamlakatda qashshoqlik to‘liq bartaraf etilganini e’lon qilgani haqida xabarберилганди.