Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev jurnalistlar himoyasiga oid qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagani sohada ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Bu haqda u 23 sentabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytib o‘tdi.
“Ba'zi holatlarda ko‘rdik jurnalistlarning kamerasini sindirib tashlashadi, qayergadir kiritmaydi yoki hokimlar quvlagan holatlarini ham ko‘rdik. Juda uyatli, kulguli holatlar bo‘ldi. Lekin shuning natijasi nima bo‘ldi? Jamoatchilik buni ko‘rdi, bildi. Jurnalistning kasb faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri munosabat bo‘lyapti. Lekin qanday huquqiy oqibatga olib keldi, degan savol bor. Afsuski, biz himoyaga doir qonunni qabul qilgan bo‘lsak-da, mana shu qonunni buzganlik uchun javobgarlik masalasini hal qilmaganmiz. Mana bizning eng katta muammomiz”, — dedi u.
Deputatning ta’kidlashicha, shu paytgacha deputatlar bunga urinishgan. U o‘tgan chaqiriq davomidagi deputatlik faoliyatida axborot qo‘mitasida deputat bo‘lganini esladi.
“Aynan shu masalani bir necha bor ko‘tarib chiqib, harakat qildik. Lekin xohlashmadi ayrim idoralar. Deputatga halaqit beradigan narsa nimada? U tayyorlayotgan qonun loyihalarini tegishli vazirlik, idoralar bilan kelishib chiqishi kerak. Men doim biror vazirlik yoki idora bilan jiqqamusht bo‘lsam-da, ertasiga qonun qabul qilishda borib unga „imzo qo‘yib bering shu qonunni o‘tkazishda“, desam. Bu narsa bizga halaqit beradi-da to‘g‘risi”, — deya qo‘shimcha qildi Rasul Kusherbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu narsani hukumat o‘zining richagi orqali olib kirsa tezroq o‘tib ketishi mumkin”.
“Yoki bosh prokuratura yoki deputatlar… Yoki prezidentning o‘zi ham tashabbus qilishi mumkin. Biz lekin shu imkoniyatdan hali ham harakat qilyapmizki, balki deputatlar o‘zimiz olib kiramiz, deb. Lekin bizlarga to‘siq bo‘lib turgan narsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi degan narsa bor. Bir qator idora, vazirliklarga imzo qo‘ydirib, uning roziligini olishimiz kerak. Shu roziligini olmagunimizcha kirgiza olmaymiz”, — deydi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, deputatlar taklif berganda idoralar roziligini olish kerak bo‘lmasligi bo‘yicha taklif berilyapti. Rasul Kusherbayevning aytishicha, bu narsa balki kelajakda bo‘lib qolishi mumkin.
“Lekin shu narsa to‘siq bo‘lib qolib ketdi qonun. Hali turibdi, lekin loyihani tayyorlab qo‘yganmiz. Shaxsan o‘zim ham ishlab chiqqanman. Endi xorijda qanaqa, degan savol tug‘ilish mumkin. Xususan, o‘zimizga yaqin mamlakatlarni olsak, masalan, Belorussiyani olamizmi, oxirgi vaqtlar ko‘p tanqid qilinyapti so‘z erkinligi bo‘yicha. Rossiya, Qozog‘iston, hammasida bor. O‘sha jurnalistga to‘sqinlik qilgani uchun, ta’qib qilgani uchun, axborotni tarqatishda to‘sqinlik qilgani uchun va hokazo. Shular uchun jinoyat kodekslarida javobgarlik belgilangan”, — deya qo‘shimcha qildi deputat.
Deputat O‘zbekistonda fuqarolarga nisbatan ta’qib qilganligi uchun javobgarlik masalasi borligini aytib o‘tdi.
“Lekin bu ta’qib qilish ham fuqaroni qaysidir davlat organiga qilgan murojaatining oqibatida kelib chiqsa, bu javobgarlik masalasi qo‘yilgan. Ya’ni bu javobgarlik masalasi jurnalistlarni to‘liq qamrab ololmaydi. Murojaat qilish bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin”, — deydi u.
Rasul Kusherbayev shu yil davomida deputatlar yana ushbu qonun loyihasini olib kirishga harakat qilishlarini ta’kidladi.
“Lekin osonmas to‘g‘risi. O‘zi so‘z erkinligi bilan bog‘liq qonunlar, bu siyosiy harakterga ega qonunlar bo‘ladi, ham nozik judayam. Sal bir joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, birinchi navbatda xalqaro tashkilotlarning tanqidi ostida qolib ketish mumkin. Ikkinchidan, nozik masalan, siyosiy kursni belgilab berish bilan bog‘liqligi uchun. Lekin biz, shaxsan men ham tarafdormanki, biz himoya qonunini qabul qildikmi, himoyani buzganga doir javobgarlik masalasini ham jinoyat kodeksida belgilab qo‘yishimiz shart”, — dedi deputat.
U hozirgi holatda loyiha ishlab chiqilgani, bir nechta loyihalar borligini bildirdi.
“Shaxsan menda ham bor loyiha. Biz endi buni birlashtirib, nasib qilsa, yil oxirigacha olib kiramiz. Balki ungacha yuqori darajada topshiriq bo‘lib qolar, „opkiringlar“, deb. Yana ham yengillashib ketgan bo‘lardi”, — deydi u.
Deputat OAVni bu masalani qo‘llab-quvvatlashlarini, “shu narsa kerakligini qayta-qayta ta’kidlab, kerak bo‘lsa parlamentdan, boshqa idoralardan talab qo‘yishga” chorladi.
“20 yildan oshdi, qonun qabul qildik, lekin uni buzganlik uchun javobgarlik yo‘q. Buni qayta-qayta eslash kerak, turtkilash kerak, shunda bizga ham oson bo‘ladi o‘tkazishga. Sababi bu yerda, amaliyotda ko‘ryapmiz, qancha odamlar javobgar bo‘lib ketishi mumkin, mansabdorlar, boshqalar”, — deydi Rasul Kusherbayev
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning aprel oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi “Gazeta.uz” muxbirini “bozorkomlar” ishi bo‘yicha majlis oldidan sud zalidan chetlashtirgan edi.
2019 yilning avgust oyida esa o‘sha vaqtdagi Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov Kun.uz muxbirlariga hujum qilgani haqida xabar qilingan edi. Hokim o‘rinbosari javob tariqasida yo‘llagan videomurojaatida jurnalist Rahmatulla Isroilov o‘zini nomunosib tutgani, yer ajratishda yordam berishni so‘ragani, pul taklif qilgani va tanqidiy materiallar chop etish bilan tahdid qilganini ta’kidlagan.
Rahmatulla Isroilov amaldorning so‘zlarini tuhmat degan va nashr Bosh prokuraturaga Abdurasul Vahobovga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risida shikoyat yozgan edi. Keyinroq Toshkent prokuraturasi poytaxt hokimi nomiga taqdimnoma kiritganidan so‘ng Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari lavozimidan chetlashtirilgan.