«Rospotrebnadzor» federal xizmati pandemiya sababli Rossiya bo‘ylab barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinganligini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Ommaviy tadbirlar bo‘yicha — butun mamlakat bo‘ylab ular to‘xtatilgan. [Ommaviy tadbirlar] faqat davlat bosh sanitar vrachi qaroriga muovfiq epidemiologik jarayon tendensiyalariga bog‘liq ravishda o‘tkazlimoqda», — deya ta’kidladi «Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popova.

Uning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda Rossiyaning hech qaysi hududida uch mingdan ortiq odamlar ishtirokida ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi mumkin emas. «Bir mingdan uch ming kishigacha — faqat ikkita subyekt hududida. Bu epidemiologik jarayoning o‘ziga xos xususiyati», — dedi u.

Shuningdek, «Rospotrebnadzor» rahbari Rossiyaning 21 ta hududida katta yoshdagi fuqarolar orasida koronavirus bilan kasallanish holatlari o‘sib borayotganligini ma’lum qildi. U Rossiya hududlarida o‘z-o‘zini yakkalash rejimida bo‘lgan fuqarolar ortidan kuzatuv tizimini tashkil etishga chaqirdi.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakatdagi vaksinatsiya darajasi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun yetarli emasligini ta’kidladi.

M️oskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, so‘nggi haftada Rossiya poytaxtida koronavirus bilan kasallanish 30%ga, shifoxonaga joylashtirish esa 20% ga o‘sgan.

AQShdagi Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada hozirgi paytga qadar 7,5 milliondan ortiq koronavirus bilan zararlanish holatlari aniqlangan bo‘lsa, shulardan 207 ming 56 nafar bemor halok bo‘lgan. Hozirga qadar mamlakatda 91 mln dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan.