O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 11 oktabr kuni qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan munosabatlari haqida fikr bildirdi.

«Qo‘shni tanlanmaydi, u Xudoning bergani» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Ertalab turib O‘zbekiston-Afg‘oniston chegaralarida nima bo‘ldi, deb so‘rayman. 30−40 daqiqa menga chegaralarimizdagi vaziyat haqida xabar berishadi. [Afg‘onistonning] yangi rahbarlari bilan muzokara olib boryapmiz. O‘tiraversak, vaziyatni bizga hech kim aytmaydi. Jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgancha yordam berishga tayyormiz», — dedi u.

«Bizning yagona maqsadimiz — O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin», — deya ta’kidladi prezident.

«Men lavozimga kelganimda 57% chegaramizda muammolar bor edi. Qo‘shni mamlakatlar bilan muzokaralar yordamida ularning aksariyatini hal qildik», — dedi u.

Avgust oyining oxirida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ikki yil oldin Afg‘onistondagi vaziyat qanday rivojlanishini bashorat qilishganini, shu sababli ham u «Tolibon» bilan muloqotni boshlashga topshiriq berganligini, u paytda hali hech qaysi davlat ushbu harakat bilan gaplashmaganligini ma’lum qilgan edi.

7 oktabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonning muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan keyin O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari vakillarining birinchi uchrashuvi bo‘ldi.