O‘zbekiston liberal demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyat aholisining haligacha qo‘lda paxta terishini ta’kidladi.

«Qashqadaryoda eng achinarli holatlardan biri bu — viloyat aholisi haligacha paxtani bukilib, qo‘l mehnati bilan terib kelmoqda» — dedi u.

Nomzod shu sababli o‘z dasturida kelgusi besh yilda 40 foiz qishloq xo‘jaligi texnikalari yangilanib, mexanizatsiya darajasi 90 foizga, jumladan mashinada paxta terimi 15 foizdan 60 foizga yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. «Bunda, paxtani mashinada terish xarajatining 30 foizini budjetdan qoplab berish yana uch yilga uzaytiriladi», — dedi amaldagi davlat rahbari.

Bundan tashqari, yuqori hosil beradigan navlarni chetdan olib kelish va erkin joylashtirishga ham ruxsat berilishi aytildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ikki yil muddatga ozod qilinishi, qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi uchun subsidiyalar ko‘lami ham ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

«Viloyatning eng og‘riqli nuqtalaridan biri — qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror suv bilan ta’minlash hisoblanadi. Misol uchun, Qarshi magistral kanalidan suv olib kelishga, birgina elektr uchun yiliga 100 million dollarga yaqin mablag‘ sarflanadi. Ya’ni, 1 gektar paxtani sug‘orishga 2,5 million so‘m xarajat qilinmoqda. Lekin, suvdan samarasiz foydalanish tufayli ushbu mablag‘larning 30 foizi isrof bo‘lmoqda», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, kelgusi besh yilda 118 ming gektarda innovatsion suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish taklif qilindi. Shuningdek, 93 ming gektar maydonni lazerli tekislash orqali, yiliga 130 million kub metr suv iqtisod qilinishi ta’kidlandi. «Buning uchun, 25 milliard so‘m subsidiya beramiz», — dedi O‘zLiDeP nomzodi.

Bundan tashqari, nomzodning dasturiga ko‘ra, 105 mln dollar hisobiga Qarshi nasos stansiyalari kaskadi rekonstruksiya qilinib, 400 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti ham yaxshilanishi rejalashtirilgani aytildi.

Ma’lumot uchun, sentabr oyi boshida paxta terimi uchun minimal tariflar e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi.