Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Quyi palata matbuot xizmati xabar berishicha, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 5 ta moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun tayinlanadigan jarimalar miqdori keskin kamaytirilmoqda.
Xususan, muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilmoqda (270 ming so‘mdan 135 ming so‘mga).
Shuningdek, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolarga ikki baravarga (270 ming so‘mdan 135 ming so‘mga), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga kamaytirilmoqda (810 ming so‘mdan 540 ming so‘mgacha).
Fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori BHMning 10 baravaridan (2 mln 700 ming so‘m) 20 baravarigacha (5 mln 400 ming so‘m) bo‘lgan miqdor oralig‘ida belgilanmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga (amalda 1 mln 350 ming so‘mdan 2 mln 700 ming so‘mgacha bo‘lgan, endi tahminan 675 ming so‘mdan 1 mln 350 ming so‘mgacha) kamaytirilmoqda.
Shuningdek, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima uch baravarga kamaytirilmoqda (5 mln 400 ming so‘mdan 27 mlngacha bo‘lgan jarima endilikda 1 mln 800 ming so‘mdan 9 mlngacha).
Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun jarima miqdorini 735 ming so‘m, yil davomida takroriy sodir etilgan taqdirda 1 mln 225 ming so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.
«Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy jazolar miqdorining insonparvarlik, odillik tamoyillariga muvofiq ravishda kamaytirilishiga olib keladi», — deyiladi xabarda.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senat yuborildi.