Ijtimoiy tarmoqlarda 1869 yilda Marg‘ilonda qurilgan qadimiy Xo‘ja Porso jome masjidi (360 gradusda ko‘rinishi) buzib tashlangani ma’lum qilindi. Bu haqda jurnalist Elmira Tuxvatullina Facebook`da yozib qoldirdi. Madaniy meros agentligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tamirlash ishlari 2021 yil iyun oyida boshlangan, iyul oyida esa masjidning tarixiy qismi joylashgan ayvon yechib olingan.
Ta’kidlanishicha, gid Jamil Qosimov Angliyadan kelgan turistlarni betakror ustunlar va naqshindor shiftni ko‘rsatish uchun olib borgan, biroq masjid buzilib, uning o‘rnida qurilish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lishgan.
«Ushbu masjid 1869 yilda qurilgan, u haqda ko‘plab sayohat jurnallarida yozilgan va suratlari e’lon qilingan. Pandemiyaga qadar bo‘lgan davrda ekskursiyalar uyushtirilgan joy endi yo‘q, betakror ustunlar va naqshindor shiftlar esa buzib tashlangan va keraksiz buyumdek chang bosib yotibdi», — deyiladi xabarda.
Jamil Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘rnida hozirda g‘ishtdan yangi masjid qurishmoqda, ta’mirlash ishlarini olib borayotganlar esa tarixiy ustunlar va shiftlarni ayvon o‘rniga qayta o‘rnatishlarini aytgan.
Gid 2019 yilda turistlarni masjidga olib borgan vaqtida tushirilgan suratlarni va uning hozirgi ahvoli tasvirlangan videoni e’lon qildi.
Foto: Jamil Qosimov.
Qayd etilishicha, angliyalik turistlar: «mazkur obyektni sayyohlar uchun jozibador qilib turgan bu kabi go‘zallikni qanday qilib yo‘q qilish mumkin? Yangi baribir yangi-ku», — deya munosabat bildirishgan.
Birgina Buyuk Britaniyaning o‘zida 50 yil avvalgi binoni ta’mirlash yoki restavratsiya qilish uchun ham ko‘plab komissiyalarning ruxsatini olishga to‘g‘ri kelishi qo‘shimcha qilingan.
Jurnalist Elmira Tuxvatullina: «Nima uchun bizda tarixiy inshootlarni buzib tashlash to‘g‘risida osongina qaror qabul qilinadi?» deya savol bilan yuzlangan.
Xo‘ja Porso jome masjidining oldingi holati. Foto: Jamil Qosimov.
Masjidning hozirgi ta’mirlash ishlari davom etayotgan holati. Foto: Jamil Qosimov.
Foto: Jamil Qosimov.
Jurnalist shuningdek, Shaxrisabz, Samarqanddagi voqealarni, qolaversa, Qoraqalpog‘istondagi yetti gumbazdan iborat Shamun-Nabi (17−18 asrda bunyod etilgan) mavzoleyini buzib, uning zamonaviy tarzda ta’mirlab qo‘yishganini esga olgan.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi qaroriga asosan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Foto: Jamil Qosimov.
Madaniy meros agentligining izoh berishicha, Xo‘ja Porso jome masjidiga tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida masjid hududiga qo‘shimcha bino inshootlarini qurish bo‘yicha taklif tayyorlangan va 2020 yilning 23 noyabrida agentgik (o‘sha vaqtda departament) huzuridagi ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ma’qullagan.
Ilmiy-ekspert kengashining xulosasida shuningdek, madaniy meros obyekti bo‘lgan eski masjid binosini ta’mirlash sharti bilan ruxsat berilgani qayd etilgan.
«Xulosadan so‘ng, masjidning tarixiy qismi malakali restavrator tomonidan markirofka (raqamlanib) yechib olingan. Hozirda masjidning tarixiy ayvon qismini qayta tiklash ishlari boshlangan», — deyiladi agentlik xabarida.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov masjidning yangi loyihasi bilan tanishmoqda.
Madaniy meros agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, madaniy meros obyektining tarixiy qismi yechib olingan bino bir necha joyidan yorilgani aniqlangan va bu borada Qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyasi xulosasi ham olingan.
«Shift va ustunlarga zarar yetkazmagan xolda raqamlanib olib qo‘yilgan, yog‘ingarchilik va tagidan zax o‘tmasligi choralari ko‘rilgan», — dedi Alisher Xusanov.
Foto: Madaniy meros agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi.