2006 yildan 2020 yilgacha dunyo bo‘ylab 1200 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan, bu qotilliklarning har 10 tasidan deyarli 9 tasi sudda ochilmagan, deya xabar berdi BMT axborot xizmati YUNESKOning o‘ldirilgan jurnalistlar bo‘yicha observatoriyasi ma’lumotlariga tayanib.
«Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish barcha fuqarolarning so‘z erkinligi va axborotdan foydalanishini ta’minlashning eng dolzarb masalalaridan biridir. Jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlikning bunday sikli ko‘pincha qonun ustuvorligi va sud tizimi zaiflashganidan dalolat beradi», — deyiladi BMT bayonotida.
«Qotillik OAV senzurasining eng og‘ir shakli bo‘lsa-da, jurnalistlar o‘g‘irlab ketilish, qiynoqlar va boshqa jismoniy hujumlardan tortib ta’qibga qadar, ayniqsa raqamli sohada, son-sanoqsiz tahdidlarga ham duchor bo‘lishadi. Jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik va hujumlar tahdidi, xususan, OAV xodimlarida qo‘rquv muhitini yaratib, barcha fuqarolar uchun axborot, fikr va g‘oyalarning erkin tarqalishiga to‘sqinlik qilmoqda», deya qayd etdi tashkilot.
Ma’lumotga ko‘ra, jurnalist ayollar ko‘proq tahdid va hujumlardan aziyat chekishadi, ayniqsa internetda sodir bo‘ladiganlaridan.
YUNESKOning jurnalist ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlikning global tendensiyalari bo‘yicha so‘rovida qatnashgan jurnalist ayollarning 73 foizi o‘z ishi bilan bog‘liq holatlarda internet orqali tahdid, qo‘rqitish va ta’qibga uchraganini aytgan.
Qayd etilishicha, ko‘p hollarda jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlik tahdidlari va hujumlar to‘g‘ri tekshirilmaydi, bu esa ko‘pincha jiddiyroq tajovuz va qotilliklarga olib keladi. Bundan tashqari, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq barcha tahdidlarni qat’iy tekshiradigan sud-huquq tizimlari jamiyat jurnalistlarga va barchaning so‘z erkinligi huquqiga qilingan hujumlarga toqat qilmasligi haqida kuchli signal beradi.
«Shu munosabat bilan jurnalistlar duch keladigan zo‘ravonlik va hujumlar tahdidlarini yaxshiroq tushunish OAV xodimlari va jurnalistlarni himoya qilish siyosati sifatini oshirishga yordam beradi. Bu masalani hal etishda jurnalistlarni himoya qilishning milliy mexanizmlarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega», deya ta’kidlanadi BMT bayonotida.
2013 yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 68-sessiyasida 68/163-rezolyutsiyani qabul qildi va unda 2 noyabrni Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Rezolyutsiya a’zo davlatlarni jazosizlikka qarshi kurash bo‘yicha aniq choralar ko‘rishga chaqiradi. Bu sana 2013 yil 2 noyabrda Malida o‘ldirilgan ikki fransuz jurnalistini xotirlash uchun tanlangan.
Ushbu muhim rezolyutsiya jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga qarshi har qanday hujum va zo‘ravonlik harakatlarini qoralaydi. Bundan tashqari, rezolyutsiya a’zo davlatlarni jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, jurnalistlar va OAV xodimlariga qarshi jinoyat sodir etganlarning javobgarlikka tortilishi hamda jabrlanuvchilarning tegishli himoya vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun qo‘llaridan kelganini qilishga chaqiradi. Rezolyutsiyada, shuningdek, davlatlar jurnalistlar o‘z faoliyatini mustaqil va ortiqcha aralashuvlarsiz bajarishlari uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishda yordam berishga chaqiradi.