Ayrim hududlarda paxta teruvchilarga qo‘shimcha haq to‘lanadi

Hukumat qarori bilan paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxtani terib olish uchun 1,6 trln so‘mgacha resurslar ajratiladi. Mashinada paxta yig‘ib olish xizmati xarajatlarining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, ayrim hududlarda paxta teruvchilarga amaldagi stavkaga qo‘shimcha ravishda har bir kg paxta uchun 230 so‘m ustama haq to‘lanadi.

Toshkentda 16,5 gektar yerni 600 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida joylashgan fermer xo‘jaligining 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan shaxslar ham qo‘lga olindi.

2022 yildan barcha maktablarda ingliz tili va IT bo‘yicha xorijiy darsliklar ijara asosida beriladi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 208 ta maktabiga 385 ming dona darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalarni taqdim etdi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yildan Cambridge University Press tomonidan chop etilgan ushbu darsliklar O‘zbekistonning barcha maktablarida ijara asosida berila boshlanadi.

Pensiya haqidagi ma’lumotni Telegram-bot orqali bilish mumkin

Moliya vazirligi pensiya to‘lovi hamda nafaqa tayinlash uchun zarur hujjatlar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan @pensiyauzbot Telegram-botini ishlab chiqdi. U orqali pensiya jamg‘armasiga murojaat yo‘llash imkoniyati ham mavjud.

Marg‘ilon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘i 1,7 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda

Marg‘ilon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘i qurilish davrida 1,7 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yaponiya hukumati Sodiq Safoyevni oliy orden bilan taqdirladi

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yaponiya hukumati tomonidan “Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi” bilan taqdirlandi. Bunday darajadagi mukofot O‘zbekistonda ilk bor berilmoqda.

Toshkent shahrida yangi gaz hisoblagichlarini o‘rnatish 2023 yilgacha yakunlanadi

Toshkent shahrida yakka tartibdagi iste’molchilar uchun “aqlli” gaz hisoblagichlarini o‘rnatish 2022 yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Avvarroq buni 2021 yil oxirigacha amalga oshirish ko‘zlangan edi.

Alisher Usmonovning fondi O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatladi

Rossiyalik biznesmen va metsenat Alisher Usmonovning “San'at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish, shu jumladan, Toshkentda modernizm me’morchiligini qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘tgan asrning 60−80 yillarida poytaxtda qurilgan binolarga tashqi jozibadorlik taqdim etib, funksional jihatdan takomillashtiriladi.

Ayrim investorlarga mol-mulk va yer soliqlarini 6 oygacha kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi

Prezident qarori bilan 1000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritgan mahalliy va xorijiy investorlarga mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashni 6 oyga kechiktirish huquqi berilishi mumkin. Davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar va soliq qonunchiligini buzish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlar bundan mustasno.

Endi o‘zbekistonliklar Rossiyada ham haydovchilik guvohnomasini almashtirishi mumkin

Hukumat qaroriga muvofiq, Rossiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasalariga murojaat qilishi mumkin.

Davlat ilk bor aholidan elektr energiya sotib oldi

Toshkentlik fuqaro o‘z uyida quyosh foto elektr stansiyasini o‘rnatib, unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish bo‘yicha hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma imzoladi.

Xo‘ja Porso masjidi ishi bo‘yicha mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Xo‘ja Porso jome masjidining tarixiy binosi buzilganligi holati yuzasidan Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kelgusi uch yilda iqtisodiyotni rivojlantirishning ikki ssenariysi e’lon qilindi

Markaziy bank kelgusi uch yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy va muqobal ssenariylarini taqdim etdi. Ularni aniqlashda MD ilk bor iqlim o‘zgarishlarini hisobga oldi. Regulyator kelgusi yillarda inflyatsiyaning uzoq muddatli omillarini bartaraf etish zarurligini, buning uchun iste’mol bozorida raqobatni rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va boshqalar talab qilinishini qayd etdi.

Maktabgacha ta’lim yoshdagi va 1-sinf o‘quvchilari grippga qarshi bepul emlanadi

O‘zbekistonda barcha maktabgacha ta’lim yoshdagi va 1-sinf o‘quvchilarini grippga qarshi bepul markazlashgan holda emlash rejalashtirilmoqda.

200 ga yaqin kishi Toshkentdan Istanbulga ucha olmadi: Uzbekistan Airports izoh berdi

Toshkent aeroportida 200 ga yaqin kishi Istanbulga ucha olmadi. Ma’lum bo‘lishicha, sayyohlik kompaniyasi kelishmagan holda reys uchun chiptalar sotgan. Transport vazirligi zaxiradan samolyot ajratdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.

“O‘zkomnazorat” Telegram, YouTube, Instagram, Facebook, Odnoklassniki`ning O‘zbekistondagi faoliyatini chekladi

O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzuvchilar reyestriga TikTok, Twitter, VKontakte va Skype`dan tashqari Telegram, Facebook, Odnoklassniki, YouTube va boshqalar kiradi. O‘zbekistonda ushbu ijtimoiy tarmoqlarning faoliyati cheklangan.

“O‘zkomnazorat” qilgan harakati haqida prezident xabar topdi — Sherzod Asadov

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “„O‘zkomnazorat“ tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilgan harakati haqida prezident xabar topgani” haqida xabar berdi.

“O‘zkomnazorat” rahbari ishdan chetlatildi

“O‘zkomnazorat” boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev “noto‘g‘ri va kelishilmagan hatti-harakatlari uchun” egallab turgan vazifasidan chetlatildi. Ro‘y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilishi aytildi.