Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) Doimiy kengashi 3 noyabr kuni O‘zbekistonga yakdil ovoz bilan doimiy kuzatuvchi maqomini berdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
ADT Shimoliy va Janubiy Amerikaning 35 davlatidan tashkil topgan. O‘zbekiston xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo‘ldi.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ADT Doimiy kengashi raisi Joshua Fiajo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Joshua Fiajo, O‘zbekistonning Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlari bilan, birinchi navbatda, savdo va sarmoya sohasida o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish uchun tashkilot platformasidan foydalanish istagini qo‘llab-quvvatladi.
«Diplomat O‘zbekistonning ADT faoliyatidagi ishtiroki o‘zaro manfaatli bo‘lishi, respublikaga global muammolarni hal etish va mintaqaviy hamkorlikda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat taqdim etishiga ishonch bildirdi», deyiladi xabarda.
Joshua Fiajo O‘zbekistonni mazkur tashkilot Bosh Assambleyasining 9−11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan 51-sessiyasida ishtirok etishga taklif qildi.
Amerika davlatlari tashkiloti 1948 yil Pan-Amerika ittifoqi (1889 yilda tuzilgan) negizida tashkil etilgan. ADT tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi. ADT huzuridagi Doimiy kuzatuvchilar instituti 1971 yilda tashkil etilgan. Tashkilot bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan.