O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi («O‘zgidromet») matbuot xizmati «Gazeta.uz»ning payshanba kunidan boshlab mamlakatning ayrim hududlarida kuzatilayotgan g‘ayrioddiy chang-qumli tuman haqidagi savollariga javob berdi.

— Chang-qumli tuman kabi ob-havo hodisasi qanday paydo bo‘ldi? Bunga tabiiy omillar sababmi yoki mamlakatdagi qurilish ishlarining keskin ortishimi?

— 4 noyabr kuni O‘zbekiston hududiga Ural mintaqalaridan sovuq havo kirib keldi. Sovuq front zonasida shamolning tezligi 12−15 m/s gacha, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda 20−25 m/s gacha kuchayishi kuzatildi.

Shamol esishi ta’sirida yuqori qurigan tuproq qatlami ko‘tarilib, respublikaning bir qator hududlarida ko‘rishning 100−200 m gacha yomonlashishi bilan chang-qumli tuman ta’sirini yuzaga keltirdi.

Albatta, bu hodisaning paydo bo‘lishiga respublikaning ko‘plab hududlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari ham sabab bo‘ldi, chunki qurilish ishlari davomida juda katta hajmdagi sochiluvchan mahsulotlar ishlab chiqariladi.

— Chang-tuman qayerda va qachon shakllana boshlagan hamda qaysi hududlarni qamrab olgan?

— Kecha ertalabdan janubiy Qozog‘iston hududi bo‘ylab chang-tuman shakllanishi boshlandi, asta-sekin O‘zbekistonning markaziy va janubiy viloyatlariga tarqaldi.

Chang-qumli tuman hodisasi Qozog‘istonning Turkiston viloyatida, O‘zbekistonning Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida eng yaqqol sezildi.

— O‘zbekistonda o‘tgan yillarda ham shunday hodisa kuzatilganmi?

— O‘zbekistonda, shuningdek, butun Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarda chang bo‘ronlari tez-tez uchrab turadi.

Biroq, odatda, havoga ko‘tarilgan qum va chang massalari shamol sekinlashgandan keyin qisqa vaqt ichida tarqaladi va yerni qoplaydi.

Ushbu holatda 4−5 noyabr kunlari sovuq havo massasida hosil bo‘lgan atmosferaning quyi qatlamlaridagi inversion qatlam changning tarqalish jarayonini kechiktiradi, natijada mintaqamiz uchun noodatiy hodisa — changli tuman paydo bo‘ladi.

Tuman juda sekin tarqalmoqda va katta ehtimol bilan bugun ham, ertaga ham davom etadi.

Avvalroq havoda chang miqdori ortishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarini e’lon qilgan edik. Mutaxassislar ta’sir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, xo‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yishni maslahat berishgan. Kechqurun Toshkent shahridagi tez yordam xizmatiga nafas siqilishi shikoyati bilan 678 ta murojaat kelib tushgan.