Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining shanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida qasamyod qabul qilib, davlat rahbari lavozimiga qayta kirishdi.
«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, undan so‘ng davlat rahbari nutq so‘zlagan.
«Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, „Inson qadri uchun“ degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. «Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz», — deya tushuntirdi prezident.
«Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz», — dedi u.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, kelgusi besh yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishda, o‘tgan davrda erishgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilish lozim.
«Nega deganda, o‘z kelajagini o‘z qo‘li, o‘z kuchi bilan yaratishga bel bog‘lagan xalq va millat kechagi kundan to‘g‘ri saboq chiqarib, oldinga intilib yashaydi», — dedi u.
U o‘z so‘zida saylovoldi uchrashuvlarida mamlakatdagi har bir shahar va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar tuzilganini esga oldi.
Hozirgi kunda ana shu takliflarni umumlashtirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida dasturlarni ishlab chiqilishi va ularni yillar kesimida amalga oshirilishini ta’kidladi.
«Men bundan besh yil oldin, ya’ni prezidentlik faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda aytgan fikrimni yana takrorlayman: menga soxta va balandparvoz gaplarning keragi yo‘q, — deya so‘zida davom etdi prezident. — Quruq va yolg‘on gaplar, tagi puch raqamlar — bu faqat o‘zimizni aldash bo‘ladi. Bu faqat ishimizga ziyon yetkazadi».
U mamlakat uchun umumiy ish va harakatga foyda beradigan g‘oya va fikrlar, amaliy taklif va tashabbuslar, aniq natijalar kerakligiga urg‘u berdi. «Bundan boshqa yo‘lni men mutlaqo qabul qilmayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.