Ayni vaqtda xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilmoqda.
“Gazeta.uz” manbasiga ko‘ra, sessiyada Navoiy viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan Qobul Tursunov vazifasidan ozod qilinishi kutilmoqda.
Qobul Tursunov 2016 yil 25 dekabrdan beri Navoiy viloyati hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimlariga hamda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosariga hayfsan bergan edi. Bundan tashqari, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator sektor rahbarlari ishdan olingandi.