2021 yilda COVID-19 ga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori qayta ko‘rib chiqildi va ko‘zda tutilgan 3 trln so‘mdan 4,3 trln so‘mga yetkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘larga bag‘ishlangan hisobotida ma’lum qildi. Shundan 1,4 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar vaksina sotib olish va fuqarolarni emlash ishlarini tashkil etish tadbirlariga yo‘naltirilishi aytilgan.

«Epidemiologik vaziyatning yomonlashishi va koronavirus bilan kasallangan bemorlar sonining ortishi ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘larni qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirdi», — deya izoh berdi Moliya vazirligi.

Qayd etilishicha, mazkur qo‘shimcha mablag‘lar respublika budjetidan ajratib kelinmoqda.

1 oktabr holatiga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash xarajatlari

Tibbiyot muassasalarining talabnomalari asosida ajratilgan mablag‘lar jami
3,5 trln
tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari
1,1 trln
28,4 mln doza vaksina sotib olish va emlash punktlarini tashkil etish
1,1 trln
koronavirus davolash shifoxonalarini saqlash va boshqa joriy xarajatlar
1,0 trln
shundan:

ish haqi to‘lovi
40,4 mlrd
oziq-ovqat xarajatlari
70,9 mlrd
dori-darmon, gigiyena va shaxsiy himoya vositalari sotib olish
576,2 mlrd
test tizimi va laboratoriya reagentlari sotib olish
113,1 mlrd
kommunal xizmatlar xarajatlari
15,7 mlrd
boshqa xarajatlar
138,8 mlrd
koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalarni qurish
0,3 trln

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 oktabr holatiga tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan xarajatlar 1,1 trln so‘mni tashkil etgan. 2020 yilda mazkur maqsadlarda jami 2,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan edi.

Shuningdek, 1 oktabr holatiga mamlakatda aholini COVID-19 ga qarshi emlash jarayonlarini tashkil etish maqsadida 1,1 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Xususan, aprel-oktabr oylarida jami 23,8 mln doza vaksina ishlatilgan. oktabr oyiga qadar to‘liq emlanganlar (barcha dozasini olganlar) soni 5,7 mln dan ortiq nafarni tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, 270,6 mlrd so‘m mablag‘ Namangan va Toshkent viloyatlarida quvvati 1400 o‘rin bo‘lgan 2 ta maxsus shifoxonani qurish xarajatlari uchun ajratilgan.

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha xarajatlarning oshishi boshqa turdagi sog‘liqni saqlash xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdoriga ta’sir ko‘rsatmasligi aytilmoqda.

«Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘lar hajmi YAIMning 3,1 foizini tashkil etadi va bu xarajatlar asosan mahalliy budjetlar tomonidan moliyalashtiriladi», — deyiladi hisobotda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini saqlash uchun 80 trln mablag‘ sarflanganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga 4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani haqida xabar berilgan edi.