O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida Toshkentda sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari haqida gapirdi.

“Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Buni kecha va bugun sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari yana bir bor tasdiqladi. Bunday holatni Toshkentda hech ko‘rmagan edik-ku. Bu bizning qumlarimiz emas. Menga olimlar ham yozib berdi, Toshkent atrofidagi tog‘lar sabab chang shu yerda tiqilib qoldi”, — dedi u.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham poytaxtda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida chang haqida gapirdi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

“Toshkentga Qozog‘istondan kelgan chang hozirgi kunda yana Qozog‘istonga qaytib ketdi. Bu chang Toshkentdan boshlanmagan. Uzoqlardan katta qum zarrachalari shamolda maydalanib, kelguncha mayda zarrachaga aylangan bo‘lishi ehtimoli bor. Lekin men ekolog emasman. Bu Toshkentdan ko‘tarilib, Toshkentdan boshlanmagan, mening fikrimcha. Chang Qozog‘istondan kelib, Samarqandga o‘tib, Samarqanddan Gulistonga, Gulistondan Toshkentga keldi. Toshkentdan Namanganga va yana Qozog‘istonga qaytib ketdi”, — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “ekologiya bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish kerak bo‘lsa, shahar hokimligi buni qo‘llab-quvvatlaydi”.

“Mening o‘zim ham qo‘shilaman. Chunki hurmatli prezidentimiz tomonidan 40 kun „Yashil makon“ doirasida ko‘chatlar ekish ko‘zda tutilgan”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Poytaxt hokimi “hozirgi kunda ekologiya bo‘yicha „Gazeta.uz“ juda ham faol ketayotganini” ta’kidladi.

“Agar „Gazeta.uz“ boshchiligida ekologiya bo‘yicha tadbirlar tashkillashtirilsa o‘zimiz homiy bo‘lib, borib xizmat ham qilardik, o‘tirardik, gaplashardik, muloqot ham qilardik. Shu tashabbusni „Gazeta.uz“ boshladimi, nashr boshlab bersa biz qanday yordam kerak bo‘lsa beramiz yordam. Sizlar tashkillashtirib beringlar, biz hamma narsasini qilib beramiz. Menimcha, shu orqali bir-birimizni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz”, — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Avvalroq, “Gazeta.uz” chang zarralari nafas yo‘llarini bezovta qilishi va bronxit, amfizem, yurak-qon tomir kasalliklari (masalan, insult), ko‘z infeksiyalari, terining tirnash xususiyati va meningokokk meningit kabi sharoitlarni keltirib chiqarishi yoki yomonlashishi mumkinligi haqida yozgan edi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, diametri 10 va 2,5 mikrondan kam bo‘lgan zarrachalarning surunkali ta’siri yurak-qon tomir va nafas olish kasalliklari, shuningdek, o‘pka saratoni xavfini kuchaytiradi.

Bugun esa Innovatsion rivojlanish vazirligi 4−5 noyabr kunlari kuzatilgan chang-qumli tuman O‘zbekistonga boshqa davlatlardan kelganini tasdiqlab, uni inson organizmi uchun xavfsizligini ma’lum qildi.

O‘zgidromet “Gazeta.uz"ga “qumli bo‘ronlarning paydo bo‘lishiga respublikaning ko‘plab hududlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari ham sabab bo‘lgani” haqida ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni kechqurun Toshkentga g‘ayrioddiy chang-qumli tuman tushdi. O‘zgidromet kuchli shamol natijasida tuproqning juda quruq usti qatlami ko‘tarilishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

5 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi “Tez yordam” xizmatiga bo‘lgan jami chaqiriqlar soni 3 noyabrdagi 3433 tadan 4 noyabrda 4082 taga yetgani, 678 kishi nafas qisishidan shikoyat qilganini bildirdi. 7 noyabr kuni esa respublika bo‘ylab 3768 kishi “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilgan. Shundan 349 tasi chang-qumli bo‘ron natijasida nafas yetishmovchiligi bilan bog‘liq chaqiriq bo‘lgan.

8 noyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning chang bilan ifloslanishi ruxsat etilgan maksimal qiymatdan oshmadi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev poytaxt saylovchilari bilan uchrashuvda Toshkent havosidagi chang miqdori belgilangan me’yorlardan 2 barobar ko‘pligini ma’lum qilgan edi. Prezident qurilish maydonlarida changni bostiruvchi zamonaviy usullar va texnologiyalarni joriy qilish zaruriyati haqida ham gapirgandi. U nomzodi kelgusi yilda har bir tumanda sayilgoh hamda shahar bo‘yicha 25 ta “yashil hudud” va alleyalar tashkil etilishini ta’kidlagan.

Noyabr oyi avvalida O‘zbekiston prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qilgandi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” deb e’lon qilingan.