8 noyabrdan boshlab Respublikaning barcha mahallalarida (jami 9259 ta) hokim yordamchilari lavozimlari joriy etilmoqda. Bunga esa prezident topshirig‘ida aytilganidek yoshlar orasidan emas, balki hududlarda tajribaga ega moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan tayinlanmoqda. Bunga jurnalist Shuhrat Shokirjonov e’tibor qaratdi.
Jurnalistning yozishicha, uning Telegram kanaliga shu mavzuda ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ularda qayd etilishicha, hokim yordamchilari lavozimlariga mahallaning katta-kichikligiga qarab 4,5−5,5 mln so‘m maosh taklif qilinmoqda.
Moliya, bank, soliq tizimidagi xodimlar ushbu lavozimga o‘tishni rad etishganida «prezidentga xiyonat qilyapsan», degan vaj bilan qo‘rqitilayotgani, ularning rahbarlariga bosim o‘tkazilib, ushlab turishgani aytilmoqda. Shuningdek, agar xodim suhbatga kelmasa, ichki ishlar hamda prokuratura organlari xodimlari jalb qilinib, majburlab keltirilayotgani ham qayd etilgan.
Qolaversa, murojaatlarda xodimlarga o‘z xohishiga ko‘ra ishini o‘zgartirmasa, hozirdagi lavozimidan bo‘shatilishi va umuman kelgusida boshqa ish joyida ishlashiga ham to‘sqinlik qilinishi kabi qo‘rqitishlar bo‘layotgani ma’lum qilingan.
Barchasi nimadan boshlangan edi?
21 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti davrida qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimi joriy etish taklifini bildirgan edi.
Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 422 ta mahallasida «hokim yordamchisi» lavozimi joriy qilinishi aytildi, deb xabar bergandi bloger Aziza Qurbonova.
Davlat rahbarining saylovoldi dasturidagi taklifiga ko‘ra, yordamchilar mahallada tadbirkorlarning loyihalariga yordam beradi, kasb-hunarga o‘qitish, tomorqa, bo‘sh yer va binolardan unumli foydalanishni tashkil etadi. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, jon boshiga daromadni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘ladi.
«Hokim yordamchilari qo‘lida o‘zining budjeti bo‘ladi, mahallaga biriktirilgan soliq, bank, yo‘l va boshqa idoralar xodimlari bilan birga ishlaydi. Hokim yordamchilari soliq, bank, iqtisodiyot, investitsiya, moliya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan bilimli va fidoyi yoshlar orasidan tanlanadi», — deya ta’kidlagandi prezident.
Ular yangi tizim bo‘yicha ishlashga o‘qitilishi va ishining natijasiga qarab yaxshi oylik to‘lanishi, 2−3 yil mahallada ishlab, yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini, kelgusida hokim va vazir lavozimlariga qo‘yilishi qayd etilgandi.
19 oktabrda esa toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi 575 ta mahallaning har biriga 10 mlrd so‘mdan (jami qariyb 600 mln dollar) ajratilishini, «ushbu mablag‘dan samarali foydalanishga yangi ish boshlaydigan hokim yordamchilari mas’ul bo‘lishini» ta’kidlagandi.
Bundan tashqari, saylovoldi tashviqoti davrida prezident boshqa viloyatlarda ham, xususan, Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Toshkent va boshqa viloyatlarda ham mazkur lavozim yangi tizim asosida tashkil etilishini aytgandi.
Topshiriq ijrosi
Kun.uz yozishicha, prezident tashabbusi bilan yoshlarni ushbu lavozimga tayinlash nazarda tutilgan bo‘lsada, hozirda moliyachi va soliqchilar hokimga yordamchilikka majburan o‘tkazilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyatidan esa ishchi guruh a’zolari tasdiqlab berilgan.
Foto: Kun.uz.
Kotibiyat mudiri 5 noyabr kuni imzolagan xatda 8−12 noyabr kunlari hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlarni suhbatdan o‘tkazish va natijasi bo‘yicha axborot kiritish so‘ralgan.
E’tiborlisi hokim yordamchilari bo‘yicha nomzodlarni suhbatdan o‘tkazish uchun hududlarga biriktirilganlar ro‘yxatida Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankdan mas’ullar belgilangan.
Foto: Kun.uz.
Qolaversa, «hokim yordamchisi» tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar ham e’lon qilingan.
Anonim murojaatlar
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining Telegram kanaliga kelib tushgan murojaatlarni ham e’lon qildi. Murojaatchilarning aksariyati kelgusidagi faoliyatiga daxl qilinishining oldini olish maqsadida shaxsi sir tutilishini so‘ragan.
Bankirning turmush o‘rtog‘i, oilasi sifatida majburiy bo‘layotgan bu holatga qarshiman. Bizning ish, o‘qish, farzandlarimiz maktab-bog‘chasi nima bo‘ladi?! Hammasini tashlab, tumanning chekka hududlariga ketishni qishning sovuq kunida umuman xohlamaymiz! Qayerga, kimga murojaat qilib noroziligimizni bildirishim mumkin?
Hokim yordamchisi lavozimi bo‘yicha meni ham majburlashmoqda. Nafaqat meni, ko‘pchilikni. O‘zim … tarkibiy bo‘linmasidan bo‘lgan korxonada buxgalter bo‘lib ishlayman. 1 yildan ko‘proq bo‘ldi, avval bank sohasida ishlar edim. Bankdan shu hamma biladigan sabablarga ko‘ra bo‘shaganman. Endi tinch joyga ishlab boshladim desam, ertalab hokimiyatdan qo‘ng‘iroq qilishdi. Tushlik vaqti sal kattarog‘i qildi, kechga borib boshlig‘imizga chiqibdi, o‘zini jo‘nat bo‘lmasa o‘zing ishlaysan deb. Hech narsadan xabarsiz bordim, meni prezident administratsiyasidan kelgan xodim oldiga suhbatga kiritvorishdi. Yo‘q, bu yerda ishlamayman deb rad qildim. Soat 22:00larda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga shu xodimni o‘tkazasan deb, qo‘ng‘iroq qilibdi. Kelmaganlarning uyiga IIB xodimlari jo‘natib, oldirishibdi.
Og‘riqli masalani ko‘taribsiz. Men Qarshidanman, bank mintaqaviy filialida ishlayman. Bizni ham kecha viloyat hokimi suhbatga chaqirdi, hokim yordamchiligiga. Suhbatda meni Qarshi shahriga qo‘ying, desam, shaharda joy qolmagan, deb Qarshidan 100 km uzoqlikdagi borsa-kelmas joy — Mirishkor tumaniga borasan, dedi. Mening bu yerda oilam, bola-chaqam bor. 4−5 mln so‘m oylikka qanday yashayman? U tuman Turkmaniston bilan chegarada joylashgan, mahalla idorasi ham bo‘lmasa kerak. 2019 yil bank akademiyasini bitirganman. U yerga o‘tsam, shu bilan mening kelajagim o‘ladi.
Nafaqat biz bankirlarni, balki soliq, moliya va boshqa iqtisodiy kompleks xodimlarini qiynab kelayotgan masalani ko‘targaningiz uchun sizga rahmat. Tuman hokimlari ularni majburiy tartibda hokim yordamchisi lavozimiga o‘tkazish ishlarini olib borishmoqda. Ushbu lavozimga o‘tishga norozi bo‘lgan xodimlardan majburiy tartibda arizalarini olish boshlangan. Barcha hududlar qatori Xorazm viloyati Gurlan tumanida ham shunday.
Hokim yordamchisi lavozimiga majburan iqtisodchilar o‘tkazilayotgani ayni haqiqat. 70−80 foiz mutaxassislarning xohishi yo‘q, ular majburan surgun qilinmoqda. Asosan bank boshqaruvchilari, o‘rinbosarlari va bo‘lim boshliqlarini olishmoqda.
4 yil institutda o‘qidim, 8 yil bank tizimida ishladim. Endi esa «kerak bo‘lsa stolbadan ayb topishadi» degan gap bilan boshlangan yig‘ilishda qatnashdim. Bugun yo‘q deb aytdim, ular esa ishdan bo‘shashimni aytishdi. Afsus, bu narsalar tugamaydi, shekilli.
Shovot tumanida ham, nafaqat tumanda, viloyat bo‘yicha yangi mahallabay ishlash bo‘yicha tashkil qilingan hokim yordamchisi lavozimiga majburlab ishga o‘tkazmoqchi bo‘lishmoqda. Respublikadan ishchi komissiya kelib, majburlab nomzodi qo‘yilgan iqtisodiy kompleks xodimlari bilan birma-bir suhbatlashdi. Hokim yordamchisi lavozimida ishlash istagim yo‘q, deganlarni esa yuqori turuvchi organiga aytib, ishdan oldirish bilan tahdid qilishdi. Xullas, barchani qo‘rqitib, ularni eski ish joyidan bo‘shab, yangi ishga o‘tishga majburlashmoqda.
Men Xorazm viloyatidanman. Bizda ham shu ahvol: buning biror chorasi bormi? Hokim yordamchisi qilishmoqchi. Yo‘q desak «davlatga, prezidentga xiyonat qilyapsan», deb qo‘rqitishyapti. Ishlab turgan ishingdan ham ketasan va hech qayerda ishlay olmaysan, deb majburlashyapti.
Xonqa tumanida hokim yordamchisi ishiga xodim xohishini inobatga olmasdan, ishga chaqirishyapti. Insonda kasb tanlash erkinligi bormi o‘zi?!
Shuhrat aka, bu lavozimga o‘tmaslikning qanday yo‘li bor? Ezib yuborishdi-ku?! Rozi bo‘lmasang — xalq dushmaniga chiqarishyapti. Nima qilarini bilmay qoldi odam. O‘zim ishlab o‘tirgan joyimda ham xalqqa xizmat qilyapman-ku?! Qanaqasiga prezident siyosatiga qarshi borgan bo‘laman?
G‘allaorolda bitta bankdan 6 kishini olishyapti. Kecha 8 soat yig‘ilish bo‘ldi. Jonga tegdi. Nima qilish kerak? Yozib chiqara olasizlarmi?
Bizda ham shunaqa ahvol. Hokim yordamchisi bo‘lish muammosi. Bankda ishlab turgan o‘rinbosarlar, bo‘lim boshliqlari xodimlari 3 kundan buyon hokimiyatda. O‘tmayman desa boshliqlariga bosim o‘tkazib, ushlab o‘tirishibdi. Shu masalani ko‘proq yoriting, zora mutasaddilar prezidentimiz topshiriqlarini pastda noto‘g‘ri talqin qilishlarini kamaytirishga ozroq bo‘lsa-da hissamiz qo‘shilsin.
Bizdan ham 3−4 xodimni majburan hokim yordamchisi qilib olishyapti. Avvalgi ish joyimdan hokimiyatning topshirig‘i jonga tekkanidan ketgandim. Endi yaxshi ishga kirgan edim. Yana boshladi hokimiyat. Bu ishxonadan ham majburan ariza yozib, ishdan oldirtirib, hokimiyatga topshirtirishyapti. Boshliq ham nima qilar edi?! Hokimning topshirig‘iga qarshi chiqarmidi? Buxorodan yozyapman. O‘zim boshqa tumanda yashayman. Boshqa tuman hokimi yordamchiligiga o‘tkazishyapti.
Hozir ko‘pchilik hokim yordamchisi bo‘lishga unamayapti ekan. Shularning o‘rniga bizga o‘xshagan vaqtincha ishsizlarni olsa bo‘lmaydimi?!
Agar shunaqa majburlayversa, bankdan yana yaxshi kadrlar o‘zini boshqa sohaga uradi. Yaxshi kadrlar yana banklarni tark etadi. Har bir viloyatda boshlangan bu holat. Hamma viloyatda suhbat bo‘lyapti. obyektivkalar olinyapti. Endi prokuratura aralashyapti, xodim berasan deb. Faqat iqtisodchi bo‘lishi kerak ekan.