Yaqinda O‘zbekistonning shahar va tumanlarida kuzatilgan qum va chang bo‘roni hamda tuman havoning tozaligi — sifatli hayotning juda muhim tarkibiy qismi ekanligi va so‘nggi o‘ttiz yil davomida daraxtlarning muntazam ravishda keng miqyosda kesilishi muqarrar iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelganligi haqida yaxshigina eslatma bo‘lib xizmat qildi.

Eng ahamiyatlisidan boshlasak. O‘zbekistonlik bir guruh olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, so‘nggi 29 yil mobaynida shahar ichidagi yashil hududlar 12 ming gektardan 2661 gektargacha qisqargan, bu — 4,5 barobardan ziyodga kamaydi degani.

Bu davr mobaynida shahar aholisi 50 foizga o‘sgan. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda shahar aholisi 2,8 million kishini tashkil etadi (90-yillar boshida shaharda 1,9 million kishi istiqomat qilgan). Shaharda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlar maydoni kishi boshiga 63 kvadrat metrdan 9 kvadrat metrgacha kamaydi.

Bu yetarlicha konservativ raqamlar, chunki aholini ro‘yxatga olish amaliyoti yo‘qligi sababli aholi sonini aniq hisoblashning imkoni yo‘q va katta ehtimol bilan poytaxt aholisi soni 2,8 milliondan ko‘proq.

Toshkent dunyoning boshqa megapolislari singari ko‘p qavatli va zich bo‘lmasa-da, Toshkent shahrida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlar maydoni (9 kvadrat metr) hatto Nyu-Yorkdagidan ham kichik (13,5 kvadrat metr). Shu bois, Toshkent va Nyu-Yorkdagi obodonlashtirish darajasini solishtira turib, Nyu-Yorkni «beton changalzor» deb atash adolatdan emas.

AQShdagi ikkinchi yirik shahar hisoblangan Los-Anjelesda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashil hudud maydoni — deyarli 40 kvadrat metr. Poytaxt Vashingtonda esa aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘kalamzor hududlar 55 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Nima uchun yashillikning ko‘p bo‘lishi muhim?

Albatta, o‘tgan haftada sodir bo‘lgan voqealar fonida, javob aniq bo‘lishi mumkin, biroq men hatto tabiiy ofatlar bo‘lmagan taqdirda ham havoning sifati inson hayoti uchun nihoyatda muhim ekanligiga e’tibor qaratishingizni istagan bo‘lardim.

Bir guruh olimlar tomonidan Xitoydan olingan ma’lumotlar asosida olib borilgan yirik eksperimental tadqiqot havoning ifloslanishi yuqori o‘lim darajasining sababi hisoblanadi, degan xulosaga keldi. Aynan sababi.

Bu tadqiqot juda muhim, chunki olimlar buni eksperimental tarzda isbotlay olishdi. Odatda kambag‘al mamlakatlarda odamlar qisqaroq, boy mamlakatlarda esa uzoqroq umr ko‘radilar. Mamlakatda umr ko‘rish davomiyligi boylik bilan chambarchas bog‘liq, shuning uchun havoning ifloslanishi yuqori o‘lim darajasiga sabab bo‘ladimi, degan savolga javob unchalik aniq emasdi. Mamlakatlararo taqqoslashlar sabab-oqibat bog‘liqligini ko‘rsatib berolmaydi, ular faqat korrelyatsiyani ko‘rsatadi.

Havo haqiqatan ham umr ko‘rish davomiyligiga ta’sir qiladimi degan savolga javob topish uchun olimlar «tabiiy eksperiment»dan — Xuayxe daryosi bo‘ylab amal qilgan energetika siyosatidan foydalanishdi. 1950−1980-yillardagi markazlashgan rejalashtirish davrida Xitoy hukumati daryoning shimolida joylashgan shaharlardagi qozonxonalar uchun ko‘mir yetkazib berish orqali qish mavsumida bepul isitish tizimini ta’minladi, ammo janubda ko‘mir yetkazib berishdan voz kechdi.

Qozonxonalarda ko‘mir yoqish atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi va ayniqsa, qattiq zarrachalar, inson salomatligiga nihoyatda zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan kulning chiqarilishi bilan bog‘liq.

Shunday qilib, Xitoy rasmiylarining bu qarori tayyor eksperiment maydoniga aylandi, bu yerda aholining bir qismi havoning sifati ancha yomonroq bo‘lgan sharoitda yashardi, boshqa bir qismi — nisbatan yaxshiroq. Tadqiqot natijalari daryoning janubida yashovchi odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish muddati besh yarim yilga ko‘proq ekanligini ko‘rsatdi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Xuayxe daryosi bo‘ylab olib borilgan energetika siyosati dahshatli yo‘qotishlarga — 2,5 milliard yildan ortiq yo‘qotilgan umrlarga sabab bo‘ldi.

Tadqiqotlardan olingan xarita.

Ya’ni, tadqiqotlar shuni isbotladiki, havoning sifati — hayot sifati va eng asosiysi, davomiyligiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ta’kidlash joizki, Xitoyda odamlar ustida o‘tkazilgan tajriba natijasida aniqlangan besh yarim yillik farq — bu juda katta farq: buni aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston (74,6 yosh) va Daniya (81 yosh) o‘rtasidagi farq bilan taqqoslash mumkin. Shu boisdan, barchamiz havoning sifati haqida qayg‘urishimiz va uning qay darajada muhimligini anglashimiz zarur.

Chikago universiteti energetika siyosati instituti tomonidan yaqinda e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, agar hindistonliklar havoning sifati bo‘yicha JSST standartlariga javob beradigan havodan nafas olganlarida, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 5,9 yilga uzaytirgan bo‘lar edilar. Hisobotga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda havoning ifloslanishi aholi salomatligiga hatto sil, OIV/OITS va sigaret chekishdan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘diradi.

Xo‘sh, yomon havo bizni kasal qilib, tezroq o‘ldirar ekan. Ammo daraxtlarning bunga nima aloqasi bor?

Daraxtlar va shaharning ko‘kalamzor hududlari havoning sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi uchta funksiyaga ega — shaharda havo haroratini pasaytirish, havoni zararli zarralardan tozalash hamda yozda soya berish va qishda shamollarni to‘sish orqali haroratni pasaytirish hisobiga binolarda energiya sarfini kamaytirish.

Demak, shaharda daraxtlar qancha ko‘p bo‘lsa, shahar havosining sifati shunchalik yuqori bo‘ladi va o‘z navbatida, odamlar ham shunchalik uzoq umr ko‘rishadi. Shu nuqtai nazardan daraxtlar xavfsizlik va salomatlikning g‘oyat muhim jihati hisoblanadi. Shuning uchun daraxtlarni kesish inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Aniqrog‘i, qancha ko‘p daraxt kesilsa, odamlar shuncha kam umr ko‘rishadi.

Bundan tashqari, umr ko‘rish davomiyligi — kasallanishlar va hayot sifatining natijasidir. Ya’ni, ifloslangan havo umrni nafaqat qisqartiradi, balki kasallanishga moyilroq va yomonroq qiladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, havoning sifati yomon bo‘lgan sharoitda bolalar astma bilan ko‘proq kasallanishadi. Kaliforniyada havo sifatining yaxshilanishi bolalarda astma bilan kasallanish holatlarini kamaytirdi va kasalxonalarning tez-tibbiy bo‘limiga yotqizilgan bolalar sonining 5−14 foizga kamayishiga olib keldi.

Kaliforniyada havoning sifatini yaxshilash to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilgan yana bir tadqiqot 1990 yillarda uglerod oksidi emissiyasini kamaytirish Kaliforniyada taxminan 1000 nafar bolaning hayotini saqlab qolgan, degan xulosaga keldi.

Niderlandiyadagi 355 ta munitsipalitet ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan nisbatan yangiroq va qiziqarli yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida munitsipalitetdagi havoning sifati qanchalik yomon bo‘lsa, kasallanish, kasalxonaga yotqizish va o‘lim ko‘rsatkichlari shunchalik yuqori bo‘lganligi kuzatilgan.

Havoning sifati odatda havodagi PM2,5 zarralari konsentratsiyasi bilan o‘lchanadi, bu odatda diametri 2,5 mikrometr yoki undan kichik bo‘lgan, nafas bilan yutiladigan mayda zarralarni tavsiflaydi. JSST standart me’yori — 10 mkg/m3 ni tashkil qiladi.

Gollandiyada tajribani o‘tkazish davrida PM2,5 ning o‘rtacha darajasi 10,49 mkg/m3 ni tashkil etdi. Shunday qilib, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, agar munitsipalitetda, qolgan barcha omillar o‘zgarmagan holda, PM2,5 konsentratsiyasi 1 mkg/m3 ga oshsa, bu o‘lim holatlari sonini 13 foizga oshiradi.

To‘rt kun avval Toshkent shahrida PM2,5 darajasi 23,1 mkg/m3 ni tashkil qildi, bu yuqorida keltirilgan tadqiqotdagi ko‘rsatkichdan 12,61 mkg/m3 ga yuqori.

Agar ushbu raqamlarni hisob-kitoblar uchun asos qilib oladigan bo‘lsak, Toshkent shahrida havoning sifati tufayli koronavirusdan o‘lim darajasi 163,93 foizga oshgan. Bu raqamlar ortida saqlab qolish mumkin bo‘lgan juda ko‘plab inson hayoti bor.

Xulosa shundan iboratki, daraxtlarni kesish odamlarning hayotini yomonlashtiradi — umr ko‘rish davomiyligini ancha qisqartiradi va uni og‘irlashtiradi. Toshkent shahrida 30 yil mobaynida yashil hududlar yetti barobarga qisqarganligidan kelib chiqadiki, shaharda havoning sifati juda yomon holatda.

Ammo tadqiqotlar bilan tanish bo‘lmagan taqdiringizda ham, ba’zida shahar bo‘ylab sayr qilganingizda, saylgoh hududlar sezilarli darajada qisqarganiga guvoh bo‘lasiz.

Salbiy o‘zgarishlar ko‘lamini tushunishga yordam berish uchun sun’iy yo‘ldosh xaritalari juda qo‘l keladi. Qachondir xaritadagi eng katta yashil nuqta bo‘lgan — Milliy bog‘ hozirda daraxtlari va ko‘llarini deyarli butunlay yo‘qotgan.

Milliy bog‘dagi sobiq Komsomol ko‘li. Foto: Yuriy Korsunsev.

Qonunchilik palatasi binosi oldidagi hozirda quritilgan ko‘l. Foto: Yuriy Korsunsev.

Amir Temur xiyobonidagi shaharliklarga salqinlik tuhfa qilgan ko‘p yillik daraxtlar ham yo‘qotildi.


Amir Temur maydoni, 2008 yil iyul va 2009 yil noyabr. Manba: Google Earth.

«Gulshan» kabi boshqa kichikroq istirohat bog‘lari ham qurilish uchun berib yuborilgan; bolaligim yaqinida o‘tgan Bobur nomidagi bog‘ ham o‘z hududining sezilarli qismidan ayrilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i ham aftidan qurilish maydoniga aylangan; Botanika bog‘ining bir vaqtlar yam-yashil tusda bo‘lgan ayrim qismlari qurilish uchun berila boshlangan.

Albatta, istirohat bog‘larining yo‘q qilinishi chang miqdorining ko‘payishiga va havo ifloslanishining kuchayishiga olib keladi. Biroq buning ustiga jamoat transporti hajmining qisqarishi va sifatining yomonlashishi natijasida yuzaga keladigan shaharning asossiz motorizatsiyasi yanada og‘ir yuk bo‘lmoqda. Ayniqsa, tramvay va trolleybus kabi ekologik toza transportlardan voz kechish ham havo sifatining yomonlashuvi omillaridan hisoblanadi.

Shaharda avtomobil yo‘llari maydoni o‘sib bormoqda va yo‘llar maydonining ko‘payishi tirbandliklar va avtomobillarning ko‘payishiga olib keladi.

Bularning barchasi birgalikda bizni, yuqoridagi tadqiqotlarda aytib o‘tilganidek, quyidagi singari oqibatlarga yetaklaydi:

  • chaqaloqlar o‘limi ko‘payadi (albatta, tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lsa, chaqaloqlar o‘limi shunchalik kam bo‘ladi, lekin chaqaloqlar o‘limining kamaygani tibbiyotning rivojlanganligini anglatmaydi);
  • astma bilan kasallangan bolalar soni ortadi;
  • nafas yo‘llarining ko‘plab kasalliklari, xususan, COVID-19 va gripp bilan bog‘liq kasalliklar yanada og‘ir asoratlar bilan kechadi va ba’zan o‘limga olib keladi.

Umuman olganda, odamlarning hayot sifati sezilarli darajada yomonlashmoqda va bu bilan bog‘liq iqtisodiy xarajatlar sezilarli darajada oshmoqda.

Har qanday shaharning asosiy manbai — bu odamlardir. Agar shahar aholisining hayot sifati past bo‘lsa, iqtidorli odamlarni jalb qilish yoki mavjud inson kapitalini saqlab qolish mushkul.

Shu bois, o‘quvchilar e’tiborini qum bo‘roni to‘xtagan bo‘lsa ham, baribir havoning sifatini yaxshilash ustida ishlash zarurligiga qaratmoqchiman. Axir, agar bizni o‘ldiradigan zarralar bizga mikroskopsiz ko‘rinmasa, bu ularning mavjud emasligini anglatmaydi.

Tabiatga g‘amxo‘rlik qilishni boshlash uchun halokatlar va ofatlar sodir bo‘lishini kutib o‘tirish shart emas. Gap eng muhim narsa — har birimizning bugungi kundagi hayotimiz haqida bormoqda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.