«Eng yaxshi atrof-muhit fotosuratchisi» tanlovi 14 yildan buyon o‘tkazilmoqda. U nafaqat iqlim o‘zgarishi muammolariga, balki insoniyatning og‘ir sharoitlarda omon qolish va muammolarga yechim topish qobiliyatiga ham bag‘ishlangan. Tanlovning yana bir maqsadi — BMTning barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish siyosati sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Bu yilgi g‘oliblar shu kunlarda Glazgoda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha COP26 sammitida e’lon qilindi.
Ispaniyalik fotosuratchi Antonio Aragon Renunsio 2021 yilning eng yaxshi atrof-muhit fotosuratchisi g‘olibi bo‘ldi. Uning Gana qirg‘og‘idagi vayrona uyda uxlayotgan bolaning surati hakamlar hay’ati tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Surat muallifi G‘arbiy Afrika davlatlarida minglab odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilayotgan dengiz sathining ko‘tarilishi muammosiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan. G‘alabasi uchun fotosuratchi 10 ming funt sterling olgan.
Foto: Antonio Aragon Renunsio
Boshqa fotosuratlar
Foto: Amaan Ali
Hindiston poytaxti Dehli chekkasi Yamuna Gat hududidagi uyi yaqinida o‘rmon yong‘inini o‘chirayotgan bolakay.
Foto: Ashraful Islam
Qo‘y to‘dasi darz ketgan yerdan o‘t izlamoqda. Bangladeshdagi misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik ko‘plab hayvonlar hayotiga tahdid solmoqda.
Foto: Simone Tramonte
Islandiyaning Algalif kompaniyasining fotobiosintez reaktori sof geotermal energiyadan foydalangan holda astaksantin ishlab chiqaradi. Astaksantin inson tanasining ko‘plab qismlarining hayotiy funksiyalari uchun zarur bo‘lgan tabiiy organik moddadir. Islandiya qazib olinadigan yoqilg‘idan deyarli butunlay voz kechib, qayta tiklanadigan energiyaga o‘tgan.
Foto: Kevin Ochiyeng Onyango
Ushbu sahnalashtirilgan fotosuratda tabiatning inson hayotidagi o‘rni ko‘rsatilgan. Bola qum bo‘roni o‘rtasida o‘simlikdan kislorodni yutmoqda.
Foto: Sandipani Chattopadxay
Musson va qurg‘oqchilik davrlarining tartibsizligi Hindistondagi Damodar daryosida suv o‘tlarining gullashiga sabab bo‘lmoqda. O‘simliklar yorug‘likning sirtga kirishiga to‘sqinlik qiladi va tirik organizmlarning kislorodni singdirishini murakkablashtiradi. Bu esa o‘z navbatida hududdagi butun yashash muhitiga va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Foto: Maykl Lapini
Panaro daryosida kuchli yomg‘ir va qo‘shni vodiydagi qor erishi tufayli yuzaga kelgan suv toshqini o‘rtasida qolgan uy.
Foto: Ashraful Islam
Bangladesh daryolarida suv o‘tlari va yo‘sining ayrim turlarining ko‘pligi bu yerda ko‘plab baliqlarni o‘ziga jalb qiladi. Mamlakatning ba’zi hududlarida baliq ovlash asosiy daromad va tirikchilik manbai hisoblanadi.
Foto: Seliya Kuxala
«Suvga sho‘ng‘iganimda og‘zida ilgak bo‘lgan dengiz arsloni bolasini ko‘rdim. Men suvda bo‘lgan vaqtimda u oldimda xuddi yordam so‘rayotgandek yonma-yon suzardi», — deb eslaydi fotosuratchi.
Foto: Djakomo D’Orlando
Nemo bog‘i — bu suv osti xo‘jaligini rivojlantirish loyihasi. Uning mualliflari atrof-muhit sharoitlari o‘simliklarning o‘sishi juda qiyin bo‘lgan hududlarda dehqonchilikning muqobil usulini topishga umid qilmoqda.
Foto: Subrata Dey
«Ushbu surat Bangladeshning Chittagong provinsiyasidagi plastikni qayta ishlash zavodida olingan. Qayta ishlash ifloslanish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish uchun zarur», — deydi muallif.