Bugun, 17 noyabr kuni soat 17:10 larda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Xaskovo” podstansiyasida qisqa tutashuv natijasida o‘chish sodir bo‘lgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Natijada Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontahur tumanlarining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minoti uzilishlar kuzatilmoqda.

Hozirda Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasining avariyaga qarshi maxsus brigadalari tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Ta’mirlash ishlari qisqa vaqt ichida yakunlanadi va elektr energiyasi ta’minoti tiklanishi aytildi.

“Shuningdek, mamlakatimizga kirib kelgan sovuq ob-havo oqimi, kuchli shamol hamda qor bo‘roni elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlariga shikast yetkazmoqda. Buning natijasida respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi yetkazib berishda vaqtincha uzilishlar kuzatilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida elektr uzatish liniyasida binoning bir qismi qulab tushdi. Foto: “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati.

Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xorazm, Samarqand, Toshkent va boshqa viloyatlarning bir qator hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

Hozirda maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan “Xosilot” podstansiyasida ortiqcha yuk tufayli kabel yonib ketdi. Bir qator massivlar elektr energiyasidan uzildi va keyinroq sekin-asta tiklandi.