Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Birinchi holatda mahalliy fuqaro (1982 y.t.) 28 kg 895 gr opiy hamda 2 kg gashish moddalarini, shuningdek, boshqa bir holatda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan aka-uka (1962 va 1970 y.t.) 9 kg 161 gr opiy va 446 gr geroin moddalarini kelgusida sotish maqsadida qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlik kiritilishicha, giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokur’erlar tomonidan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan.
Sariosiyoda esa tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan tumanning tog‘li hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga berkitib ketilgan 28 kg 506 gr opiy moddasini qabul qilib olgan mahalliy fuqaro (1990 y.t.) ushlangan.
DXX xodimlarining Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Termiz shahrida o‘tkazgan tezkor tadbirida esa 3 nafar fuqaro (1969, 1970 va 1990 y.t.) 481 gr opiy moddasini 9400 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Shuningdek, DXX, IIV hamda Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan Termiz tumani «Manguzar» YPX maskanidan o‘tib, viloyat markazi tomon harakatlanayotgan Spark rusumli avtomashina to‘xtatilgan. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi Tojikiston fuqarosi (1987 y.t.) va Denov tumanida yashovchi mahalliy fuqaroga (1985 y.t.) tegishli yuk sumkalarida 45 kg 913 gr gashish borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 67 kg 43 gr opiy, 47 kg 913 gr gashish hamda 446 gr geroin giyohvand moddalari musodara qilindi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.