«Gazeta.uz» «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o‘qiyotgan yoki xorijda ta’lim olib, hozirda o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Ushbu suhbatlarda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Zuxra Xayrullayeva.

Zuxra Xayrullayeva Namangan viloyatidagi Chust shahrida maktabni bitirib, Toshkentdagi Vestminster Akademik litseyiga o‘qishga kirgan. Zuxra litsey dasturi bo‘yicha litseyning 3-kursi bilan universitetning 1-kursini birga o‘qigan. Keyinchalik Toshkentdagi Vestminster universitetining Tijorat huquqi fakultetida tahsil olgan. Bakalavrni bitirgach esa Zuxra huquq sohasini chuqurroq o‘rganish uchun Amerikaga o‘qishga ketdi. Hozirda u Pensilvaniya shtati universitetida magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz…

— Men Namangan viloyatining Chust shahrida tug‘ilib-o‘sganman. Maktabni tamomlagach Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdim. Men o‘qishga kirgan yili tanlov katta bo‘lgani bois litseyga kirish juda qiyin edi, shuning uchun o‘qishga kirishimga unchalik ishonmagandim. Keyinchalik bildimki, litseyda o‘qish unga kirishdan ancha qiyinroq ekan. Til bilan ham, o‘qish bilan ham qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi. Rus maktabini tugatgan bo‘lsam ham, boshida tilni unchalik yaxshi bilmasdim. Litseyda o‘qish maktabga qaraganda ancha qat’iyroq bo‘lib, har bir oraliq yoki yakuniy nazorat ishlari alohida imtihon sifatida qabul qilinardi.

Litsey dasturi TXVUga kirish va litseyning uchinchi yilini universitetning birinchi yili bilan birlashtirish imkonini berdi. Buning uchun litseyda ma’lum bir akademik ko‘rsatkichga ega bo‘lish kifoya qilardi. Ota-onam bilan maslahatlashib, TXVUning «Tijorat huquqi» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishimni davom ettirishga qaror qildim. Universitetda o‘qib yurgan kezlarimda ketma-ket ikki yil Filip Jessop nomidagi xalqaro ommaviy huquq bo‘yicha musobaqasida (The Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition) qatnashdim va har ikkala safar Vashingtonda (AQSh) o‘tkazilgan xalqaro bosqichlarda qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘shanda menda bu mamlakatga yoki o‘qish, yoki sayyohlik maqsadida qaytish istagi paydo bo‘ldi.

Universitetda 3-kursni tamomlaganimdan so‘ng, Dentons Tashkent yuridik konsalting firmasida amaliyot o‘tashni taklif qilishdi va O‘zbekistonni tark etgunimcha shu yerda ishladim.


Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan

— Namanganda maktabni bitirgandan so‘ng Toshkentga kelgansiz. Bunga oilangizning, yaqinlaringizning munosabati qanday bo‘lgan? Har holda Toshkent begona shahar, poytaxtning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi…

— Oilam va qarindoshlarim o‘qishim bilan bog‘liq hamma narsani doimo qo‘llab-quvvatlashgan. Qolaversa, men yolg‘iz emasdim, egizak singlim ham bor. O‘sha paytlarda katta akam ham Toshkentda o‘qib yurgan, amakilarim esa bizni doim qo‘llab-quvvatlab, yordam berishardi.

— Universitetni bitirganingizdan keyin bir muddat Dentons Tashkent kompaniyasida ish olib bordingiz. Ish faoliyatingiz haqida aytib bering…

— Aynan shu korxonada ishlaganim — omadim deb bemalol ayta olaman. Professional faoliyatimdagi qisqa vaqt mobaynida ishda do‘stona jamoa va tushunuvchan rahbariyat bo‘lishi juda muhim ekanligini anglab yetdim.

Ishimning dastlabki yilida universitetning 4-kursida o‘qirdim. O‘sha yili men bitiruv ishim ustida ishlayotgan edim. Rahbariyat yaratib bergan sharoitlar tufayli ish va o‘qishga birdek ulgurishga muvaffaq bo‘ldim.

Bundan tashqari, qanchalik g‘alati tuyulmasin, biz Vestminster universitetida asosan ingliz huquq tizimini o‘rganganmiz. O‘zbekistonda ishlash uchun esa O‘zbekiston huquq tizimini o‘rganish zarur edi. Shuning uchun, ishimning dastlabki kunlaridanoq hamma narsani tom ma’noda noldan o‘rganishni boshlaganman. Shunga qaramay, hamkasblarim meni doim qo‘llab-quvvatlab, yordam berishga, o‘rgatishga tayyor edilar.

TXVUda olgan ta’limimga doimo xurmat saqlayman. Biz asosan ingliz huquqini o‘rganganimizga qaramay, universitet keyinchalik professional faoliyatda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan kerakli ko‘nikma va bilimlarni beradi.

Ushbu firmada men asosan korporativ amaliyot bilan shug‘ullanganman: mijozlarga ta’sis hujjatlarini ishlab chiqish va O‘zbekistonda korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, mahalliy kompaniya faoliyati bilan bog‘liq boshqa turli korporativ va mehnat masalalari bo‘yicha konsultatsiyalar berganman.

— Nega O‘zbekistonda yaxshi ishingiz bo‘la turib xorijga ketib, o‘qishni davom ettirishni istadingiz? Bunga aniq sabab bormi?

— Tan olaman, yaxshi ishim bor edi, lekin bir kuni bir joyda qotib qolganim va oldinga siljimayotganimni ich-ichimdan his qildim. Bundan tashqari, korporativ amaliyot bilan shug‘ullanish sohasida kelajagimni ko‘rmayotgandim. Shu sabablarga ko‘ra xorijda magistraturada o‘qish qaroriga keldim. Shunday qilib, o‘z malakamni oshirishni, shuningdek, huquqning qaysi sohasida ishlashni xohlayotganimni uzil-kesil hal qilib olmoqchi bo‘ldim.


Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan

— Nima uchun aynan AQShda magistraturada o‘qishni tanlagansiz?

— Universitetlarni qidirishning dastlabki bosqichida barcha variantlarni ko‘rib chiqdim: Yevropa, Kanada va AQSh. Har bir mamlakat va universitetni xolisona baholashga harakat qildim, lekin negadir Amerika meni doim o‘ziga ko‘proq jalb qilaverardi. Nihoyat, bank va moliyaviy tartibga solish, shuningdek, tijorat huquqini o‘rganish maqsadida Pensilvaniya shtati universitetida o‘qishni tanladim.

Birinchi navbatda, universitetlarni tanlash jarayonida doimo universitet taklif qiladigan dasturlarga e’tibor qaratish kerak. Kanada va Yevropada huquq bo‘yicha magistrlik darajasini taklif qiluvchi ko‘plab universitetlar mavjud bo‘lsa-da, taklif qilingan ta’lim dasturlarida tanlov ko‘pligini ko‘rmadim. Ular asosan xalqaro huquq bo‘yicha umumiy mutaxasislik, yoki, aksincha, milliy huquqdagi qandaydir tor mutaxassisliklar bo‘yicha bilim berardi. Amerika universitetlaridagi o‘quv dasturlarida esa fanlar bo‘yicha juda keng tanlovlarni ko‘rdim, bu esa yakuniy qarorni qabul qilishimda muhim rol o‘ynadi. Ammo bu faqat huquqiy sohaga oid shaxsiy kuzatishlarim. Ehtimol, boshqa odam umuman boshqacha fikrlashi mumkin.

Ikkinchidan, Amerikaning yuridik xizmatlar bozori dunyodagi eng katta bozor. Shuning uchun Amerikada sobiq yoki hozirgi amaliyotchi yuristlarning universitetda dars berish imkoniyatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori deb taxmin qilgandim.

TXVUda o‘qiyotganimda amaliyotchi yuristlar tomonidan dars o‘tilishining afzalliklarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Amaliyotchi yuristlar talabalarga nafaqat nazariyani o‘rgatadi, balki amaliy maslahatlar bilan ham o‘rtoqlashadi. Qayerdadir faqat nazariyani o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Ayni damda menga dars beradigan professorlarning barchasi 10 yildan 30 yilgacha tajribaga ega sobiq amaliyotchi yuristlar.

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— Sifatli ta’lim olish va o‘z sohamning yaxshi mutaxassisi bo‘lish.

— O‘sha motivatsiya hali ham bormi? Balki yangilari qo‘shilgandir…

— Ha, bu motivatsiya haliyam meni oldinga yetaklaydi. Faqat vazifaning murakkab ekanligini tushunib yetdim. Aytganimdek, Amerikaning yuridik xizmatlar bozori dunyodagi eng katta bozor va shuning uchun talabalar o‘rtasida raqobat juda yuqori. Talabalarning mehnati va yutuqlariga qarab, siz ham ulardan orqada qolib ketmaslikni xohlaysiz.

— Amerikada siz ta’lim olayotgan universitetning O‘zbekistondagi OTMlar bilan farqi haqida gapirib bersangiz.

— Vestminster universitetini tamomlaganim uchun faqat shu oliygoh bilan solishtirishim mumkin. Pensilvaniya shtati universitetidagi o‘qish O‘zbekistondagi TXVUda olgan ta’limimdan unchalik farq qilmaydi. Ammo ba’zi tavofutlar barbir mavjud.

Birinchidan, Amerikaning yuridik ta’lim tizimi boshqa mamlakatlarnikidan bir oz farq qiladi. Bu yerda huquqshunos bo‘lish uchun avvalo istalgan mutaxassislik bo‘yicha bakalavr darajasini olishingiz talab etiladi, ya’ni to‘rt yil mobaynida o‘qiysiz va shundan keyingina «Juris Doctor» dasturiga o‘qishga kirasiz va huquqshunoslik fakultetida huquqshunoslik diplomiga ega bo‘lasiz. Bu dastur yana uch yil davom etadi. Shu bois, talabalar huquqshunoslik kasbini tanlashdan oldin yaxshilab mulohaza qilib ko‘radilar, deb o‘ylayman. Ularning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi va motivatsiyasi o‘zboshimchalik bilan yuridik fakultetni tanlagan talabalarga nisbatan ancha kuchliroq bo‘ladi, chunki ikki yildan so‘ng ularning ko‘pchiligi o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi. Lekin men intensiv bir yillik o‘qishni talab qiladigan LL.M. magistratura dasturida o‘qimoqdaman.

Ikkinchisi — o‘rganilayotgan materialning hajmi. Amerikada bu hajm juda katta. Shu bilan birga, barcha materiallarni o‘qish va darsga tayyor kelish uchun yetarlicha vaqtingiz bo‘lishi kerak, chunki professor istalgan vaqtda sizga savol berib qolishi mumkin.

Uchinchisi — o‘qish uchun taklif qilinadigan fanlar soni. Bizning universitetda juda ko‘p fanlar o‘tiladi. Talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta sohalarda ixtisoslashishi mumkin, masalan, tijorat huquqi, ma’muriy huquq, moliyaviy huquq, xalqaro huquq, sport va ko‘ngilochar soha huquqi, atrof-muhit huquqi va boshqalar.

Baholash tizimida ham farq mavjud. Hozir tahsiol olayotgan oliygohimda ko‘plab fanlar semestr oxirida faqat bitta imtihon asosida baholanadi. Butun baholash faqat bir kunning samaradorligi va unumdorligiga bog‘liq bo‘lishi kerak degan fikr menga unchalik yoqmaydi. Shuning uchun Vestminster universitetidagi tizim menga qulayroq. U yerda fan bo‘yicha o‘zlashtirish semestr o‘rtasida qabul qilinadigan yozma kurs ishi, shuningdek, semestr oxirida topshiriladigan imtihon asosida baholanadi.

Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan

— O‘zbekistondan ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

— Kuchli o‘zgarishlar bo‘ldi demagan bo‘lardim. Shubhasiz, e’tiqodi, irqi, millati, dunyoqarashi boshqacha bo‘lgan odamlarga nisbatan bag‘rikengligim kuchaydi.

— AQShga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Nafaqat tili, balki madaniyati ham men o‘rganganimdan tubdan farq qiladigan mutlaqo boshqa davlatga ko‘chib o‘tish, albatta, oson bo‘lmadi. Yengil madaniy shok sodir bo‘ldi. Menga eng qiziq ko‘ringan narsa — amerikaliklar uchun o‘z xonasida ovqat yeyish odatiy hol ekanligi bo‘ldi. Uchta amerikalik qizlar bilan bir kvartirada yashayman. Biz yaxshi munosabatda bo‘lsak-da, birga yashagan vaqtimiz davomida, ehtimol, faqat bir martagina bir stol atrofida jamlandik. Keyinchalik bilishimcha ko‘plab amerikaliklar (hammasi ham emas) o‘z xonasida ovqatlanishni afzal ko‘rishar ekan. Men kabi kuniga kamida bir marta katta oilaviy dasturxon atrofida o‘tirib ulg‘aygan qiz uchun Amerika madaniyatining bu qismi haqida bilish qiziq edi.

Mos va arzon uy-joy topish ham juda qiyin bo‘ldi. Bu muammo Amerikaga kelishimdan oldin boshlangan. Men yashayotgan shahar talabalar shahri hisoblanadi. Aholining asosiy qismini talabalar tashkil etadi. Arzon turar joyni topish uchun qidiruv kelishdan ancha oldin boshlanishi kerak ekan. Barcha sharoitlarni joyida tekshirib ko‘rmasdan ko‘r-ko‘rona uy izlash esa juda qiyin.

Hamma narsa onlayn tarzda amalga oshirilgani bois firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish hech gap emas. Boshqa barcha muammolarim doimo yordam berishga tayyor bo‘lgan odamlar tufayli hal qilindi.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Ota-onam, albatta, boshida qo‘rqishdi. Qiz bolani boshqa mamlakatga yolg‘iz qo‘yib yuborish oson emas, ammo shunga qaramay, ular mening tanlovimni doim qo‘llab-quvvatlab kelishgan.

— Instagram sahifangizni kuzatganimda, e’tiborimni tortgan narsa: siz o‘z suratlaringiz ostiga deyarli qandaydir izoh yozmagansiz. Nima deb o‘ylaysiz, xorijdagi talabalar, ishlayotganlar o‘sha joy haqida biror narsa yoki chet elda qanday hissiyotlar bo‘layotgani haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashishi kerak emasmi?

— Ijtimoiy tarmoqlarda surat yoki fikrni e’lon qilish har kimning shaxsiy tanlovi deb hisoblayman.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Ha, o‘qishim tugagach, albatta uyga qaytishni rejalashtirganman. Ish borasida esa hali aniq rejalarim mavjud emas.

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Shoshmaslikni va universitetni ham, dasturni ham mulohaza bilan tanlashni maslahat bergan bo‘lardim.

Chet elda o‘qishning moliyaviy tomoni universitet tanlashda eng katta omillardan biri ekanligini tushunaman. Ammo Amerika universitetlari juda ko‘p davlat va xususiy grantlarni taklif qilishadi. Universitetlarning o‘zlari kamdan-kam hollarda turli grantlar taklif qilishadi. Bir marotaba rad javobini olsangiz, tushkunlikka tushmang. Men uchta to‘liq moliyalashtiriladigan dasturga ariza topshirganman va uchta holatda ham rad etilganman. So‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetlarning o‘ziga hujjat topshirishga qaror qildim. 9 ta universitetga hujjat topshirdim va ularning deyarli barchasi ma’lum miqdorda grant taklif qilishdi, shuning uchun hammaga grant olish imkoniyatlarini imkon qadar ko‘proq o‘rganishni va belgilangan muddatda hujjatlarni tezroq tayyorlashni boshlashni maslahat bergan bo‘lardim.


Foto: Zuxra Xayrullayevaning shaxsiy arxividan

— Sizning sohangizda yutuqqa erishnoqchi bo‘lgan O‘zbekistondagi yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— O‘ylaymanki, qaysi hududda bo‘lishidan qat’iy nazar, har kimning g‘alaba va muvaffaqiyat haqida o‘ziga xos tushunchasi bor. Men o‘zimni boshqalarga maslahat berish uchun yetarlicha muvaffaqqiyatga erishgan inson deb hisoblamayman.

— O‘z sohangiz bo‘yicha 3 ta va sohangizdan tashqari siz o‘qish kerak, deb hisoblaydigan 3 ta kitob tavsiya qiling (istalgan tilda).

— Afsuski, o‘z hayotim va ishimga, hozir esa o‘qishimga ulgurishga harakat qilib, har doim ham ish/o‘qish uchun zarur bo‘lgan materiallardan boshqa kitoblarni o‘qiy olmayapman. Shuning uchun, bu borada maslahat bermaganim ma’qulroq.

Qisqa savollar:

— Nimadan afsuslanasiz?

— Ehtimol, hech narsadan. Men qilgan hamma narsa o‘zimning tanlovim, xatolarim hayotiy saboq bo‘ldi va meni hozirgi darajaga olib keldi.

— Xorijda nima sizni tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi?

— Depressiya — bu jiddiy va og‘ir holat, baxtimga, men uni boshdan kechirish imkoniyatiga ega bo‘lmaganman. Lekin oilam va do‘stlarimni sog‘inish har doim bo‘lgan va bo‘lib turibdi.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda, qaysi xatoyingizni takrorlamas edingiz?

— Hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lardim. Barcha xatolar men uchun qaysidir ma’noda saboq bo‘ldi. Boshimdan kechirganlarimning barchasi meni hozirgi holatimga olib kelgan deya olaman.

— 5 yildan so‘ng Zuxra Xayrullayeva o‘zini qayerda va qanday holatda ko‘radi?

— O‘zbekistonda, oilam bag‘rida, umid qilamanki, hamma sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Bu paytga kelib o‘z sevimli ishimga ega bo‘lib, o‘z sohamning yaxshi mutaxassisi bo‘laman degan umiddaman.

— Agar tilla baliq tutib olsangiz undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— Hozirgi vaqtda sodir bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarning samarali qo‘llanilishi. Ko‘ryapmanki, ayni paytda mamlakatimizda taraqqiyot sari yetaklashi mumkin bo‘lgan ko‘plab o‘zgarishlar qilinmoqda. Ammo bu tashabbuslar har doim ham to‘liq amalga oshirilmayapti va ko‘pincha xo‘jako‘rsin uchun bajarilyapti.

Og‘abek Samisov suhbatlashdi.