Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati yangilanmoqda. Bu orqali «ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yiladi», deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.
«Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz iste’mol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ammo yana shunday preparatlar mavjudki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, ya’ni retseptsiz xarid qilsa bo‘ladi», — deya ta’qidladi vazirlik.
Ma’lumotga ko‘ra, iyul oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati keskin kamaytirilgach, monopreparatlar pozitsiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro‘yxati esa 118 taga qisqarib ketgan.
SSV ta’kidlashicha, buning oqibatda retseptsiz ham berilishi mumkin bo‘lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo‘l bosib, vaqt yo‘qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo‘lmoqda. «Bordi-yu, qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib retsept yozdirib olishiga to‘g‘ri kelyapti».
«Bunday ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmatsevtika kompaniyalarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Negaki, qonunchilik talablariga ko‘ra, retsept asosida beriladigan preparatlarni targ‘ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi ma’lumotlardan xabardorligini cheklamoqda», deyiladi xabarda.
Vazirlik tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni misol qilib keltirib, chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilish mumkinligini, lekin O‘zbekistonga buning uchun retsept so‘ralishini qayd etdi.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan e’tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda amalda bo‘lgan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qilib, uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, retseptsiz beriladigan preparatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda», deyiladi xabarda.