24 noyabr kuni Toshkentda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari bilan Markaziy Osiyoda 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi dasturini imzoladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Toshkentda tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNODC ijrochi kotibi Geda Vali yangi dasturning imzolanishi bu sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini berishini ta’kidladi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, yangi dasturning umumiy budjeti 90 mln dollarni tashkil qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, UNODC Afg‘onistondagi vaziyat va uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri, ayniqsa, avgust oyidan beri narkotik moddalar ishlab chiqarishning o‘sishda davom etayotgani va bu mamlakat xavfsizligiga bo‘lgan xatarlarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov UNODC dasturining 2015−2021 yillarga mo‘ljallangan avvalgi bosqichi giyohvandlik, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashda o‘z samarasini berganini e’tirof etdi.

Vazirning ta’kidlashicha, umumiy qiymati qariyb 15 mln dollarlik milliy va mintaqaviy miqyosdagi loyihalar, jumladan, idoralararo mobil guruhlar va chegara hududida idoralar tashkil etilishi, shuningdek, kontrabandaning umumiy qiymati 14,6 mln dollarlik 100 dan ortiq og‘ir holatlarini aniqlash va chek qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan uchta port nazorat punktining ochilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

«Ishonchim komilki, biz bu o‘ta mas’uliyatli va kechiktirib bo‘lmaydigan ishga yangi turtki berish bilan birga, bu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorligimizni chuqurlashtirish va kengaytirish uchun mustahkam zamin yarata olamiz», — deya qo‘shimcha qildi Abdulaziz Kamilov.

Avvalroq Afg‘onistonda 2021 yilda afyun hosili o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga oshgani, bu esa butun dunyo bozorlarining Afg‘oniston tomonidan 320 tonnaga yaqin sof geroin bilan to‘ldirilishiga olib kelishi mumkinligi xabar qilingandi.

BMT Bosh kotibining maxsus vakili va Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha missiyasi (UNAMA) rahbari Debora Layons BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyatning yanada yomonlashishi giyohvand moddalar aylanmasi, qurol-yarog‘ savdosini kuchaytiradi va terrorizmning tarqalishiga olib keladi, deya ta’kidladi.