«Barselona» klubi sobiq o‘yinchisi, ayni vaqtda «PSJ» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi «Oltin to‘p — 2021»ni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Sports.ru nashri.

34 yoshli argentinalik futbolchi ushbu sovrinni yettinchi marta qo‘lga kiritdi. Oltin to‘pni qo‘lga kiritganlar orasida ikkinchi o‘rin Krishtianu Ronalduga — 5 ta sovrin bilan nasib etgan.

2021 yilda Lionel Messi «Barselona» bilan Ispaniya kubogini qo‘lga kiritdi va 2020/21 yilgi mavsumni 30 ta gol bilan La Liganing eng yaxshi to‘purari sifatida yakunladi. E’tiborlisi, u bilan Argentina terma jamoasi ilk bor Amerika Kubogi sohibiga aylangan.

Bunga qadar Messi ketma-ket 4 marotaba — 2009 yildan 2012 yilga qadar, qolaversa, 2015 va 2019 yillarda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi. Koronavirus pandemiyasi sabab o‘tgan yili mukofotni topshirmaslikka qaror qilingan edi.

Nashrning yozishicha, «Oltin to‘p» uchun kurashgan «Bavariya» va Polsha terma jamoasi hujumchisi Robert Levandovski France Football jurnalining birinchi marotaba topshirilayotgan yangi sovrini — yilning eng yaxshi hujumchisi sohibiga aylandi.