Qozog‘iston Milliy banki Nursulton Nazarboyev surati tushirilgan, nominal qiymati 20 ming tenge bo‘lgan yubiley banknotalarni muomalaga chiqaradi. U Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlandi, deb yozadi Tengrinews.kz.
Foto: Tengrinews.kz
Ushbu banknotalarda 27 ta himoya elementi mavjud. Pul qiymatining dizayni muomaladagilar bilan bir xil uslubda ishlangan: old tomonida asosan vertikal tasvirlar, teskari tomonida gorizontal tasvirlar mavjud. Uning o‘lchami 155×79 millimetrga teng.
Milliy bank ushbu pullar qonuniy to‘lov vositasi ekanligini qayd etdi.
«Nominal qiymati 20 ming tenge bo‘lgan yubiley banknotasi butun Qozog‘iston bo‘ylab barcha turdagi to‘lovlar uchun, shuningdek, bank hisob raqamlariga o‘tkazish hamda barcha o‘tkazmalar, almashtirish va ayirboshlash uchun nominal qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, 2015 yil namunasidagi nominal qiymati 20 ming tenge bo‘lgan pullar ham qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi banknotalar 2021 yil dekabr oyining birinchi o‘n kunligida muomalaga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Qozog‘iston 6 oy muddatga qoramol eksportini cheklagani haqida xabar berilgandi.