Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar o‘z telefonlariga plastik kartalaridan pul mablag‘lari yechib olinayotgani bo‘yicha xabarlar kelayotganini bildirib, postlar joylashgan. So‘nggi 3 kunda bu kabi holatlar bo‘yicha Facebook`da 20 ga yaqin postlar yozilgan, ularga minglab foydalanuvchilar shu kabi muammoga duch kelganligi haqida izohlar qoldirishgan, deya keltirmoqda Bankers.uz.
Foto: Bankers.uz
Ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilarning aksariyati pul mablag‘lari ularning anchadan beri foydalanilmayotgan yoki allaqachon muddati o‘tgan plastik kartalaridan yechib olinganligini ta’kidlashgan.
Shuningdek, ular bu vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida, xizmat ko‘rsatuvchi bankka qo‘ng‘iroq qilib ko‘rgan va ulardan vaziyat bo‘yicha aniq javob ololmagan.
Bankers.uz ushbu holat yuzasidan bir qator tijorat banklari, shuningdek Markaziy bank mas’ullari bilan bog‘lanib, izoh olgan. Ularning ma’lum qilishicha, bank mijozini identifikatsiya qilishning, ya’ni amaldagi me’yoriy hujjat talablariga ko‘ra JSHSHIR raqamini aniqlash, imkoni bo‘lmagani bois, mijozlarning kartasidagi mablag‘ «harakatsiz» (spyaiy) hisobraqamga olingan.
Bunga asos qilib prezidentning 2021 yil 23 martdagi «Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)dan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, mazkur farmonda JSHSHIR barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi aytilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Markaziy bank ayrim banklar mijozlarni topishga harakat qilmay, ularning muddati o‘tgan yoki ishlatilmay turgan kartalaridagi mablag‘larni «harakatsiz» hisobraqamga olib o‘tganligi natijasida mazkur holat yuz bergan bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmagan.