Surxondaryo viloyati Denov shahri markazidagi «Yubileyniy» nomi bilan mashhur ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida 7 dekabr kuni ertalab soat taxminan 4 larda portlash sodir bo‘ldi. Bu bino konstruksiyalarining qulashiga va katta yong‘inga sabab bo‘ldi.

Portlashning taxminiy sababi gaz qurilmalaridan foydalanish qoidalarining buzilishidir. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, binolardan birida to‘plangan gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan. Voqea sabablariga oydinlik kiritish uchun bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan.

O‘zbekiston FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, portlash oqibatida binoda to‘qqiz kishi jabrlangan. Keyinroq bino vayronalari ostidan ikki kishining jasadi olib chiqilgani ma’lum bo‘ldi.

Portlash ovozi voqea joyidan bir necha kilometr uzoqlikdan eshitilgan. «Indenim» binosi hozirda beton karkasdan iborat, xolos.

Voqea joyida bo‘lgan «Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmuratovning ma’lum qilishicha, portlash to‘lqini savdo markazi yaqinida joylashgan turar-joy binolari, savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ma’muriy binolar va boshqa obyektlarga zarar yetkazgan.

Ko‘pgina binolarda oynalar singan, devorlar va qoplamalar, eshiklar shikastlangan. Denov tumani hokimligi va soliq inspeksiyasi binolari ham zarar ko‘rgan. Portlash joyi yaqinidagi maktablarda darslar bekor qilingan. Voqea joyi huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiylar tomonidan o‘rab olingan.

«Daryo» nashri bir necha mahalliy aholining hikoyalarini e’lon qildi. Ulardan birining aytishicha, uyida sodir bo‘lgan portlash tufayli derazalari singan, xonalari changga to‘lgan, elektr ta’minoti uzilgan. Tashqariga chiqish uchun darvozani zo‘rg‘a ochgan. U yerda qichqiriqlar eshitilgan. U qonga belangan erkak va ayolni ko‘rgani, ularni tez yordam mashinasi olib ketganini aytgan.

Voqea guvohlarining yana birining aytishicha, u bo‘lgan uyning devorlari yorilib, shiftining bir qismi qulab tushib, boshini jarohatlagan. Uning ta’kidlashicha, portlash ovozini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.

Foto