Surxondaryo viloyati Denov shahri markazidagi «Yubileyniy» nomi bilan mashhur ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida 7 dekabr kuni ertalab soat taxminan 4 larda portlash sodir bo‘ldi. Bu bino konstruksiyalarining qulashiga va katta yong‘inga sabab bo‘ldi.

Hozircha buning oqibatida 9 kishi jarohatlanib, ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

«Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deb yozadi Hayot Shamsutdinov.

Biroq, ushbu moddalarning aynan qaysi bandlari asosida ish ochilgani qayd etilmagan. Faqat, tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Bosh prokuratura Denovdagi portlash bo‘yicha terakt versiyasini rad etgani haqida yozgan edik.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Masaliyevning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar portlashga taxminan bino ichida bir necha soat davomida gaz sizib chiqishi sabab bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Savdo majmuasida 2 oydan beri ishlayotgan Abdulla Do‘lanov «gaz umuman chiqmaganligini, hidi chiqsa, sezgan bo‘lishlarini» ta’kidlagan.

Chaqnash oqibatida 65 ta uy zarar ko‘rgani, 6 ta xonadon yashash uchun xavfli holatga kelib qolgani aytilmoqda. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘liq qoplab berilishiga ishontirmoqda.

Bunga qadar «Gazeta.uz» Denovdagi portlash oqibatlari haqidagi fotoreportajni e’lon qilgan edi.