Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hokimi Jengis Yermashev Mizdakxon maqbarasi devori tubidan mayit ko‘mish uchun yer ajratilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda «Potrebitel.Uz» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Uning qayd etishicha, mazkur ish tafsilotlari hokimiyat tomonidan o‘rganilmoqda. Ish ustidan asosiy nazorat nafaqat ular, balki bir nechta yuqori instansiya tuzilmalari tomonidan ham o‘rnatilgan.

Hokim Jengis Yermashev o‘rganishlar natijalari haqida xabar qilishga va’da bergan.

Shuningdek, vaziyatga O‘zbekiston Madaniy meros agentligi ham munosabat bildirdi. Agentlikning xabar qilishicha, mazkur ish bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi shug‘ullanishni boshlagan.

«Turizm va sport vazirligi qoshidagi Madaniy meros agentligi madaniy meros obyektlari (arxeologik yodgorliklar) hududlari va ularning qo‘riqlanuvchi hududlari qabr uchun yer uchastkasi sifatida ajratilishi mumkin emasligi, aks holda ular [yer ajratganlar] ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantiradi», — deyiladi agentlik xabarida.

«Potrebitel.Uz» Telegram-kanalining qayd etishicha, Mizdakxon majmuasining asosiy qismiga eltadigan zina ustiga tunnel qurilishi bilan bog‘liq vaziyat ham ijobiy hal etilishi kerak.

«Mahalliy aholining aytishicha, yopiq koridor barpo etilmoqda. Ularning fikricha, bu sayyohlar fotosuratga tushmasligi uchun qilinmoqda», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda X asrga mansub Mizdakxon maqbarasi devorining shundoq tagidan yerlarni mayit ko‘mish uchun sotish boshlangani xabar qilingan edi. Uch yil muqaddam ushbu hududdagi Shamun Nabi maqbarasi buzib tashlangan, o‘rniga yangi bino barpo etilgandi.