YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi doirasida Baxshichilik san’ati O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Turizm vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Sessiya doirasida bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning YUNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan «Baxshichilik san’ati» nominatsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga ushbu san’at turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekistonda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan «Baxshichilik san’ati» xalqaro festivalini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, 2019 yil aprelida Termizda bo‘lib o‘tgan «Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san’atining tutgan o‘rni» mavzusidagi anjumanning muhim xulosalari, baxshichilikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar, shuningdek, ushbu san’at turini kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida ixtisoslashtirilgan kollej va oliy o‘quv yurtlarida yosh baxshilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo‘yishlarsiz ma’qulladi.
Baholash komissiyasi vakillarining fikricha, baxshichilik san’ati noyob tarixiy-madaniy meros bo‘lib, nominatsiyalar to‘plami ushbu milliy elementni Nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga javob beradi. Qabul qilingan qaror YUNESCO ko‘magida baxshichilik san’atini asrab-avaylash, ko‘paytirish va targ‘ib qilish chora-tadbirlarini milliy va xalqaro miqyosda yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
«Baxshichilik san’ati» O‘zbekiston tomonidan Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan «Boysun tumani madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), «Askiya» (2014), «Palov madaniyati va an’analari» (2016) va «Lazgi» (2019) o‘rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda «Shoshmaqom» (2008), «Navro‘z» (2016) va «Miniatyura san’ati» (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.
Kelgusi yillarda «O‘zbekiston kulolchilik maktabi» milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan «Hunarmandchilikning an’anaviy uslubi» va «Rubob chalish», «Markaziy Osiyoda an’anaviy kashtachilik uslubi», «Xo‘ja Nasriddin qissalarini aytish an’anasi» kabi ko‘p millatli nominatsiyalarni qo‘mita muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.