Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o‘yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko‘rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi.

«Zakovat» klubi a’zosi Saodat Umarova ko‘pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari Bobur Yoqubov, Furqat Qurbonov, Aziza Ibragimova, Jobir Ahmedov, Umid Valiyev va Xushnudbek Xudoyberdiyevlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Bilimdonlar teleo‘yinga qanday kirib kelganligi, «Zakovat»ni nega tark etmasliklari va klubga yangi avlodni jalb qilish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishishdi.

«Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning uchinchi qismida «Gazeta.uz» Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziza Ibragimova bilan suhbatlarni taqdim etadi.

«Zakovat» tufayli turmush o‘rtog‘im bilan tanishganmiz — Aziza Ibragimova

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Ko‘zgu haqida savol bo‘lgan. Sandiqchada nima bor deb savol berilganda, «aniq ko‘zgu, aniq ko‘zgu» deb rosa barmog‘imni o‘qtalib baqirganman. O‘yindan keyin ayrim klubdoshlar «Xuddi o‘zi solib qoygandek baqirdiya, sal qoldi vaqtdan oldin sandiqchani ochib, mana deb olib ko‘rsatishiga» deyishgandi.

— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va natijada u sizga nimalar bera oldi?

— «Zakovat»da eng qizig‘i — maza qilib o‘yinda muhokama qilish, to‘g‘ri javob topgandagi tuyg‘uni esa ta’riflab bo‘lmaydi. «Zakovat» tufayli turmush o‘rtog‘im bilan tanishganmiz. Aynan 2017 yil finalida ekranda ko‘rib qolib izlab topganlar.

— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— Bunday fikrlarga e’tibor bermaganman. Chunki «Zakovat» bilan band bo‘lganman. Inson qiziqqan mashg‘uloti bilan faqatgina unga qiziqqani uchun shug‘ullanadi. Boshqalarning fikri qandayligiga qarab emas.

Foto: Aziza Ibragimovaning shaxsiy arxividan.

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— Eng kuchli raqib: vaqt! Agar undan to‘g‘ri foydalansangiz va taqsimlasangiz, u sizga do‘st, aks holda sizni chalg‘ituvchi raqib.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Janr borasida bir fikr bildirolmaymanu, ammo aniq keyingi raund nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Zakovatda shiddat, joziba, jasorat, qo‘rquv, hadik, ikkilanish, g‘alaba, pafos barchasi mujassam.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— Tezkorlik, tahlil qobiliyati, faktlarni bir-biriga bog‘lash, qaror qabul qilish, notiqlik.

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— O‘zbekistonda Bobur Yoqubovdan ko‘p narsa o‘rganishga harakat qilaman: savolning mag‘zigacha yetib borishni, tahlil qilishni va fikrni lo‘nda bayon etishni. Hozir aytishni o‘z burchim deb bilaman: biz qizlar «Zakovat» desa, Zebo Shomirovaga havas qilardik. Men Surxondaryo viloyatidanman, Zebo Shomirova ham. Bu menga hamisha ilhom bag‘ishlagan. Rossiyadan esa Yelizavetta Ovdiyenkoning ashaddiy muxlisasiman.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— Bobur Yoqubov, shubhasiz.

Foto: Aziza Ibragimovaning shaxsiy arxividan.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Mantiqiy fikrlash va kerakli paytda to‘g‘ri qaror qabul qila olish.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Eng kuchli motivatsiya bu o‘yindagi azart. Javobni izlash paytidagi hayajon.

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

— Shaxsiy hayotdagi ta’sirini yuqorida aytib o‘tdim, ish faoliyatida esa vaqtimni taqsimlash borasida yaxshigina o‘ylantirgan. Shunisi ajoyibki, mashg‘ulotlar shanba kunlari, s’yomkalar esa yakshanba kuni yoki ish payti tugagach bo‘ladi. «Zakovat» vaqt bag‘ishlashni talab qiladi, sevimli mashg‘ulot uchun esa vaqt topiladi.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— O‘tgan, masalan dissertatsiyamga, lekin «Zakovat»dan ilhom olish hammasidan kuchliroq.

— Ko‘pchilikni fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Bu fikrga qo‘shilmayman. Bu fikrdagilarning atrofida shunday yoshlar bo‘lsa kerak. Hozirda tarjima asarlar ko‘paygan, bundan tashqari yoshlar xorij tilidagi original kitoblarni ham bemalol o‘qishyapti.

Boshqa narsaga xafa bo‘laman: bir marta o‘qib, yana qayta o‘qishga qiziqtiradigan asarlarni o‘zimizda yozilmayotganiga. Jamiyatimiz yoshlari uchun o‘xshashni istaydigan, o‘zlariga namuna sifatida tanlaydigan obrazning yo‘qligi achinarli holat.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Ishonavering, ular allaqachon «Zakovat»da.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Eng muhimi ishtiyoq, moliyaviy rag‘batlantirish faqat Zakovat haqida o‘ylab, tashkiliy masalalar haqida qayg‘urishdan ozod qiladi.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Toshkent betakror shahar.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— Fizika fanidan sinfdoshimga masalalarni ishlab berardim, sinfdoshim esa menga chizmalar chizib berardi. Natijada ikkimiz ham a’lo baho olardik.

— Ustozingizdan sizga omonat qolgan ibratli so‘zlar.

— Kasbingizni hurmat qiling.

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Ishxonamga kelishning o‘zi!

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— O‘tkir Hoshimov — «Daftar hoshiyasidagi bitiklar», Lev Tolstoy — «Urush va tinchlik».

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Rustam Azizov — yurist, Ilhom Azizov — advokat.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Har kuni.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Barchasidan minnatdorman.

«Zakovat» o‘yinlarning xumori boshqacha, intellektual narkotikka o‘xshaydi — Xushnudbek Xudoyberdiyev

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Ilk bor «Zakovat» ko‘rsatuvida 2005 yili «Xalqaro bolalar kuni» bayrami munosabati bilan tashkillashtirilgan maktab o‘quvchilaridan iborat uyinda qatnashganman. Yosh va tajribali klub a’zolari sifatida maktab o‘quvchilari bilan birga bir jamoada o‘ynashni bizga taklif qilishgan. Adashmasam, 2ta savolga to‘g‘ri javob topganman va o‘sha o‘yinda biz g‘alaba qozonganmiz.

— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va natijada u sizga nimalar bera oldi?

— Ochig‘i «Zakovat»dan biron narsa kutib kelmaganman, lekin «Zakovat» menga juda juda ko‘p narsa bergan. «Zakovat» meni tarbiyaladi, menga bilim berdi, jamoada ishlashni o‘rgatdi. O‘yin orqali tanilasiz, tartibli bo‘lishga intilasiz, majbur bo‘lasiz, mashhur bo‘lganingizdan keyin, kerak bo‘lsa, majburlikdan ham o‘zingizdagi insoniy fazilatlarni yaxshilashga intilasiz.

— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda «Zakovat»da pastga ketish kuzatildi. Avvalambor, moddiy sabablarga ko‘ra, bundan tashqari, odamlar avvalgidek televizor ko‘rmay qo‘yishdi, televizor o‘rnini ijtimoiy tarmoqlar egalladi. Lekin, ekrandagi «Zakovat» o‘yini aysbergning cho‘qqisi xolos, ko‘pchilikka «Zakovat»ning suv tagidagi qismi ko‘rinmaydi — bu klubdagi mashg‘ulot o‘yinlari. Bu o‘yinlarning xumori boshqacha, intellektual narkotikka o‘xshaydi. Undan osonlikcha voz kechib keta olmaysiz.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— Nafaqat «Zakovat»da, balki hayotda ham asosiy raqibim — o‘zim. Agar inson o‘zini o‘zi boshqara olsa, o‘zini ustida tinmay mehnat qilsa, hamma eshiklarni ochishi mumkin. O‘yinlarda ruhiy tayyorgarlik talab qilinadi, buning uchun ko‘p mashg‘ulot qilish kerak.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Detektiv janriga o‘xshatgan bo‘lardim. Ma’lum bir jumboq o‘rtaga tashlanadi, uning javobi bilimdonlarga ham, tomoshabinlarga ham noma’lum, shu jihati dramatik detektiv filmga o‘xshaydi.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— Bilimdondagi eng muhim fazilat — tirishqoqlik va bilim olishga bo‘lgan intilish. «Zakovat» tinimsiz mehnat talab qiladigan jarayon. Faqat bilimning o‘zi yetarli emas, o‘yinni his qilishingiz uchun tinimsiz mehnat qilishingiz kerak, jamoaviy mashg‘ulotlarda qatnashishingiz kerak.

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— Farhod Akbarovga (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) juda havas qilardim. «Zakovat»ga mehrim oshishiga sababchi bo‘lgan insonlardan biri. Bobur Yoqubov, Saidkamol Abdurazzoqov o‘yinlariga havas qilganman, bir jamoada o‘ynash nasib qilgan, juda ko‘p narsa o‘rganganman ulardan. «Chto? Gde? Kogda?» o‘yinlaridagi Balash Kasumov jamoa sardori sifatidagi o‘yinlarini yoqtiraman, Yelizaveta Ovdiyenko va hozir o‘yinlardagi faoliyati to‘xtagan Ilya Novikov o‘yinlarini qiziqish bilan kuzataman.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— 1-o‘yin baribir esda qolarli bo‘ladi. Farhod Akbarov va Zebo Shomirovalarni muxlislar har doim eslaydi deb o‘ylayman. Bundan tashqari, «Zakovat» afsonasi sifatida Bobur Yoqubovni xam juda ko‘pchilikning yodida qolishiga ishonaman.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Tomoshabinning mehrini qozonish oson ish emas. Tomoshabinni o‘lchovi har xil. Lekin umumiy qilib aytganda, ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topadigan bilimdonlarni ko‘proq yoqtirishsa kerak deb o‘ylayman.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish, egoizm bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Egoizm aslida juda yomon xususiyat emas, men o‘zimni egoistman deya ayta olaman. Lekin egoizm narsissizmga aylansa — bu yomon. Ba’zida jamoani o‘zingiz variantingizga ishontira olishingiz kerak, bu holatda sizga ushbu xususiyat kerak bo‘ladi.

Obro‘ga keladigan bo‘lsak, tanilish, obro‘ topish o‘z ustida ishlashning sababi emas, oqibati bo‘lishi kerak. Bilimdon o‘z ustida ko‘proq ishlash oqibatida tomoshabinlar mehrini qozonish mumkin.

Foto: Xushnudbek.uz Telegram kanali.

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

— Hayotimda erishgan yutuqlarimga «Zakovat» orqali xalqimiz orasida bilimdon sifatida tasavvur uyg‘otganim ham sabab bo‘lgan deb o‘ylayman.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— Bilim olishga sarflangan vaqtimga hech qachon achinmaganman. Mashg‘ulotlarga sarflagan vaqtimni foydali o‘tkazdim deb hisoblaganman va hali ham shunday fikrdaman.

— Ko‘pchilikni fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Aniq tadqiqotlarsiz, aniq raqamlarsiz «yoshlar kam kitob o‘qiyapti» deb ta’kidlash menimcha noto‘g‘ri. Onlayn kitob do‘konlari rahbarlari aytishiga qaraganda, sotuvchilarning asosiy qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Yosh avlodni turlicha qiziqtirish mumkin, ularga nima kerak bo‘lsa, shuni berish kerak. Ularga mashhurlik kerak bo‘lsa, mashhurlik berish kerak, ya’ni «Zakovat»ni ijtimoiy tarmoqlarda eng qizik epizodlarini tarqatish kerak, «Zakovat» orqali ham mashhur bo‘lish mumkinligini, ushbu videolar millionlab ko‘rilishini his qilishsa, ularda o‘yinda qatnashishga qiziqish oshadi.

Yoshlarga pul kerak bo‘lsa, pul orqali rag‘batlantirish kerak, katta sovrinlar qo‘yish kerak ham bilimdonlarga, ham savol yo‘llaganlarga. Agar ular bo‘sh vaqtlarini qiziqarli o‘tkazishni xohlashsa, unda ularga turli viktorinalar, kuizlar, turnirlar tashkil qilish kerak. Ular qiziqqan narsani taklif qilmasdan turib, faqat «kitob o‘qinglar» degan quruq gaplar bilan ularni jalb qilishning iloji yo‘q. Yoshlarning ehtiyojini o‘rganib chiqib, takliflar berish kerak.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Moliyaviy ko‘mak hammaga zarur, har qanday loyihada moliyaviy ko‘maksiz, poydevorsiz biror natijaga erishish mushkul, amalga oshirsa bo‘ladi, lekin juda qiyin. Ayniqsa, bilim bilan bog‘liq loyihalarga moliyaviy yordam juda kerak, chunki tabiatan jamiyatdagi barcha insonlar ham tug‘ma bilimga intiluvchan insonlar bo‘lmaydi. Bizni jamiyatda ham bilimni qadrlovchi, kitob mutolaa qiluvchi aholi foizi katta deb aytolmayman.

Bunday vaziyatda rag‘batlantirish zarur deb o‘ylayman, lekin bunda sog‘lom rag‘batlantirishni qo‘llash muhim. Bu jarayonga mantiqli va adolatli yondashish kerak, ma’lum bir yutuqlar va g‘alabalar uchun, bilimdon mashaqqati va mehnati uchungina moliyaviy rag‘batlantirish tizimini qo‘llash zarur.

50 mlrd so‘mning asosiy qismi turnirlar g‘oliblari mukofot puli sifatida ajratiladi, shu bilan birga maktablar, oliy ta’lim muassasalarida, korxonalarda, tashkilotlarda o‘tkaziladigan o‘yinlarni tashkil qilishga va o‘yin g‘oliblarini taqdirlashga sarflanadi.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Chiroqchi — samimiy go‘shtxo‘r insonlar makoni.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— 9-sinfdaligimda paxta terishga chiqqan paytimiz katta paxta uyumiga o‘t qo‘yib yuborganman.

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Kimlargadir foydam tegayotganini his qilishimga sabab bo‘ladigan ishlar va loyihalar.

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— O‘tkir Hoshimov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Ilon Mask.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Har doim, har soniyada shukrona keltirib, «men baxtliman» deyman.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Intilganga tole yor.

«Zakovat» bilimdonlari bilan materialning birinchi qismida Bobur Yoqubov va Furqat Qurbonovlar, ikkinchi qismida Umid Valiyev va Jobir Ahmedovlar bilan suhbatlar taqdim etilgandi.

Saodat Umarova suhbatlashdi.