Dekabr oxirida Xorazm viloyat sudining JIB sudlov hay’atida «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ sobiq bosh direktori Muratbay Bazarimbetov va jamiyat bo‘limining sobiq boshlig‘i K.B.larga nisbatan Xiva shahar sudining 9 iyuldagi hukmi yuzasidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Xorazm viloyat sudining JIB sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarshisiz qoldirish, apellyatsiya shikoyatlarini qanoatlantirmaslik to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Hukmga ko‘ra Muratbay Bazarimbetovga JKning 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan 45-modda qo‘llanib, 3 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar shaxs hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, 57-modda qo‘llanilib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Uning sherigi K.B.ga esa JKning 28 va 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan 45-modda qo‘llanib, 2 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar shaxs hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, 57-modda qo‘llanilib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga ham jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchilar oldindan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib, Tuproqqal’a tumani, «Sorimoy» posyolkasida yangidan tashkil qilinayotgan «B.A.M.» MCHJga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi uchun o‘rnatiladigan transformator punktini 6−10 KVtlik elektr liniyasiga yaqin tayanchdan ulab berish bo‘yicha murojaat qilganligidan foydalanishgan.

K.B. tadbirkorning ushbu murojaati natijasi to‘g‘risida so‘ragan Z.A.ga ishini ijobiy hal qilib berishini aytib, buning evaziga tadbirkordan 15 ming AQSh dollari olib berishini aytgan.

K.B. Xonqa tuman hududida Z.A.dan «Nexia 3» rusumli avtomashinasi salonida 15 ming dollarni Muratbay Bazarimbetovga pora tariqasida olib borib berish uchun olganida ushlangan va pora olish jinoyatini sodir qilishda ishtirokchilik qilgan.

Davom ettirilgan tadbir natijasida Muratbay Bazarimbetov o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda K.B.dan 15 ming dollarni olganida qo‘lga tushgan.

Taraflar apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sud JIB sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat, protest bildirishi mumkin.

Avvalroq, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Murodboy Bazarimbetov 15 ming dollar pora olganlikda gumonlanib, qo‘lga olingani haqida yozgan edik.

Eslatib o‘tamiz, Muratbay Bazarimbetov «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari»ni 2019 yildan beri boshqarib kelayotgan edi.